Qo‘shtepa kanali qurilishining birinchi bosqichi yakunlangach, chorshanba kuni uning ikkinchi bosqichi boshlandi, deya xabar bermoqda Tolo news nashri.

Qo‘shtepa kanalining ikkinchi bosqichining ochilish marosimida ishtirok etish uchun Balx viloyatiga borgan “Tolibon”ning yuqori martabali vakillari Afg‘oniston o‘zining g‘allasini yetishtirishga erishishini ta’kidladi.

“Islom Amirligi qishloq va suv xo‘jaligiga jiddiy e’tibor qaratish niyatida, buning isboti sifatida Qo‘shtepa kanalini qurish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz”, — dedi bosh vazirning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdulg‘ani Barodar.

Mulla Abdulg‘ani BarodarMulla Abdulg‘ani Barodar

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan “Tolibon” rasmiylari mintaqa davlatlari, xususan, O‘zbekistondan Qo‘shtepa kanali qurilishi bo‘yicha tashvishlanmaslikni so‘radi. Ular Afg‘oniston mintaqaviy muammolarni diplomatik aloqalar orqali hal qilishga tayyorligini bildirdi.

“Qo‘shnilarimiz xavotir olmasin. Xudo xohlasa, Amudaryodan qancha foydalansak ham, baribir Afg‘oniston haqli bo‘lgan darajaga yetmaymiz”, — dedi bosh vazirning 2-o‘rinbosari Abdulsalom Hanafiy.

“Agar qo‘shnilarimiz bundan xavotirda bo‘lsa, biz diplomatik aloqalar orqali ular bilan bog‘lanishga tayyormiz”, — dedi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Shermuhammad Abbos Stanikzay.

Ayni paytda “Tolibon”ning xavfsizlik xodimlari Qo‘shtepa kanali loyihasi xavfsizligini ta’minlashga va’da berib, hech kimning loyihaga to‘sqinlik qilishiga yo‘l qo‘ymasliklarini aytdi.

“Bunday loyihalarni amalga oshirish ortida barchamiz, ayniqsa Mudofaa vazirligining milliy hamda islomiy qo‘shinlari turibdi va ular buni bor kuchlari bilan qo‘llab-quvvatlaydilar”, — dedi mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Muhammad Yoqub Mujohid.

“Afg‘onlar o‘z majburiyati va va’dalarini bajaradigan g‘ayratli xalq. Biz [huquqiy] chegaralarimizdan chiqmaymiz, shu bilan birga, huquqlarimizni himoya qilamiz”, — dedi ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sirajuddin Haqqoniy.

Balx viloyatining Kaldar tumanidan boshlanib, Jauzjon viloyatidan o‘tib Faryob viloyatining Andxoy tumanigacha yetib boradigan Qo‘shtepa kanali uzunligi 280 kilometrni, eni esa 100 metrni tashkil etadi.

Qo‘shtepa kanaliQo‘shtepa kanali

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 15-sentabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgandi.

O‘zbekiston prezidenti Afg‘oniston tomonidan Amudaryodan qurilayotgan Qo‘shtepa kanali haqida gapirar ekan, “Mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi”, — dedi.

Kanalning ishga tushirilishi “Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin”, deb ta’kidladi va kanal qurilishining barcha jihatlarini va uning Amudaryoning suv rejimiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga chaqirdi.

Mart oyida Afg‘oniston “O‘zbekiston bilan o‘zaro anglashuv asosida” Qo‘shtepa kanali loyihasini amalga oshirishga tayyorligini bildirgandi.

2023-yilning iyun oyida O‘zbekiston suv vaziri Qo‘shtepa kanali orqali Afg‘oniston Amudaryodan qancha suv olishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Afg‘oniston Qo‘shtepa kanali orqali 600 ming gektar yerni sug‘ormoqchi ekani haqidagi gaplar esa asossiz. Vazir Shavkat Xamrayevning aytishicha, “Tolibon” taxminan 300 ming gektarni sug‘ormoqchi, bunga 4−5 mlrd kub metr suv yetadi. O‘zbekiston mana shu miqdor saqlanib qolishiga intiladi.