10−11-oktabr kunlari Chexiya bosh vaziri Petr Fialaning taklifiga binoan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumati delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Bosh vazir matbuot xizmatining xabar berishicha, tashrif yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 800 million yevrodan ziyod investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.

Hukumat delegatsiyasi Brno shahrida an’anaviy tarzda 60 yildan beri har yili o‘tkazib kelinayotgan “MSV 2023” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Uning rasmiy ochilish marosimida Abdulla Aripov so‘zga chiqdi.

43 davlatdan 1260 ta kompaniya ishtirok etgan ko‘rgazmada O‘zbekiston delegatsiyasi alohida stend bilan ilk bor qatnashdi. “Made in Uzbekistan” milliy stendida metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish borasidagi namunalar namoyish etildi.

Praga shahrida ikki mamlakat bosh vazirlari ishtirokida O‘zbekiston-Chexiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Abdulla Aripov va Petr Fiala siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda ishonchni oshirish orqali ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollarini nazarda tutuvchi kengaytirilgan hamkorlikni o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi.

Delegatsiya rahbarlari ishtirokida hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan quyidagi ikki tomonlama hujjatlar imzolandi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida Shaxslarning readmissiyasi va tranziti to‘g‘risida bitim;
  • O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida Shaxslarning readmissiyasi va tranziti to‘g‘risida bitimning ijro bayonnomasi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish to‘g‘risida bitim.

Hukumati delegatsiyasi, shuningdek, mamlakat prezidenti Petr Pavel bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Qabulda savdo-iqtisodiy, energetika, transport, turizm, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar, turizm, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

“Bugun O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosat olib bormoqda. Pirovardida, xorijiy davlatlar, ayniqsa, Yevropa Ittifoqi bilan teng va o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanmoqda. Jumladan, O‘zbekiston-Chexiya o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda hamkorlik kengayayotgani, vazirlar darajasidagi aloqalar ham faollashib borayotgani bunga misol”, — deyiladi xabarda.

Rasmiy tashrif doirasida ushbu mamlakatning Škoda (O‘zbekiston kompaniya bilan 30 ta elektropoyezd bo‘yicha shartnoma imzoladi), Omnipol, Crystal bohemia, Primaco va boshqa yetakchi firma va kompaniyalari vakillari bilan tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish maqsadida bir qator korxonalarga tashrif buyurildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Chexiya sanoat mahsulotlarini Yevropa standartlari bo‘yicha sertifikatlash sohasida hamkorlik qilmoqchi ekani haqida xabar berilgandi.