Qoraqalpog‘istondagi Sudoche ko‘llar tizimi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq hududi deb belgilandi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

“Ramsar” konvensiyasi rasmiy saytida chop etilgan maqolada Sudochening 1960-yillarda dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l hisoblangan Orol dengizining ko‘rfazi bo‘lgani ta’kidlangan. Ko‘l hududida zich qamishzorlar, butalar, sho‘rxoklar va saksovullar mavjudligi, qolaversa, yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan hayvonlar yashashi qayd etilgan.

“Mahalliy va xorijlik sayyohlar ko‘lning Orol dengizi bilan tarixiy bog‘liqligini o‘rganish va aholi punkti qoldiqlarini ko‘rish uchun kelishadi. Mahalliy aholi esa ko‘ldan baliq ovlash, chorva uchun ozuqa hamda qurilish materiallari uchun qamish yig‘ish maqsadida foydalanadilar”, — deyiladi maqolada.

Shuningdek, qurg‘oqchilik Sudoche ko‘llar tizimi oldida turgan asosiy muammolardan biri sifatida ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, Sudoche 2023-yilning may oyida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan “Ramsar” suv-botqoq yerlari ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekistonning 4-obyektiga aylangan. Bunga qadar Dengizko‘l 2001-yilda, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi 2008-yilda va To‘dako‘l hamda Quymazor suv omborlari 2020-yilda mazkur ro‘yxatidan joy olgan.