Toshkent shahri hokimligi Yangihayot tumanida joylashgan ayrim mavze va ko‘chalarga nom berish bo‘yicha takliflar qabul qilinishi haqida e’lon berdi.

Ushbu tuman poytaxtning Sergeli va Bektemir tumanlari tarkibidan, shuningdek, Toshkent viloyatining to‘rtta tumanidan tashkil topgan.

“Gazeta.uz” 2021-yilda Toshkent shahri hokimligi Raqamli rivojlanish departamentining kartografiya va toponimika bo‘limi boshlig‘i Anvar Jabborov bilan suhbatni e’lon qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtdagi ko‘plab obyektlarga hech qanday nom berilmagan, 2021-yil aprel holatiga ko‘ra, poytaxtda 200 dan ortiq bunday obyektlar mavjud.

Xususan, Sergeli tumanida oddiygina “10-qurilish maydonchasi” deb ataladigan joy bor. “U yerdan uy-joy sotib olgan fuqarolar kadastrlarida ko‘chaning nomi o‘rniga qurilish maydonchasining raqami ko‘rsatilgan”, — degan Anvar Jabborov.

Shu tariqa Toshkent shahri aholisi yangi hududda yaqinda qurilgan obyektlarga qanday nom berish yoki qayta nomlashni taklif qilishlari mumkin.

Takliflar 10-oktabrdan 17-oktabrgacha qabul qilinadi. Taklif etilayotgan nom:

  • geografik obyektga eng xos bo‘lgan belgilarni aks ettirishi;
  • mazkur obyekt joylashgan yerdagi geografik obyektlar nomlarining mavjud tizimiga mos tushishi;
  • mahalliy aholining geografik, tarixiy, milliy, etnik, tilga oid va boshqa xususiyatlarini hisobga olishi;
  • universal va qisqa — ko‘pi bilan uchta so‘zdan iborat bo‘lishi kerak.

Takliflarni Geonom.tashkent.uz sayti orqali yo‘llash mumkin.