Toshkent metropoliteni sentabr oyidan boshlab yo‘lovchilar soni o‘tgan yilga nisbatan mutanosib ravishda kuniga 200 mingdan ortgani fonida ularga murojaat qildi. Bu haqda AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Keltirilishicha, hozirgi vaqtda bir kunda o‘rta hisobda metropolitenning yo‘nalishlaridan foydalanuvchi yo‘lovchilar soni 690 — 700 ming nafarga yetgan.

Ayniqsa, 20-sentabr sanasidan boshlab ko‘chalarda 10 ballik avtomashina tiqilinchligi hisobiga avtobuslardagi yo‘lovchilarni bir qismi metrodan foydalanishi hisobiga bu ko‘rsatgich kunma-kun ortib bormoqda", deyiladi xabarda.

Metro vagonlarga belgilangan yo‘lovchilarning soni 2 marta ko‘payishi va buning hisobiga vagonlarga normadan ortiq yuklama tushib metro poyezdlarini tez-tez buzilishiga olib kelayotgani aytib o‘tildi.

Metropolitenning harakat xizmati tarkibi boshlig‘i Rustam Shafikovning aytishicha, normal holatda metro poyezdi o‘rtacha 1000 kishiga mo‘ljallangan. Har bir poyezd vagoniga 200−250 yo‘lovchi kiritilishi mumkin. Lekin hozirgi kunda bu ko‘rsatkich me’yordan oshgan.

“Yo‘lovchilarga murojaatim, katta bekatlarda interval qisqartirilgan, agar vagon to‘lib kelsa, unga kirmasdan keyingisini kutishingizni iltimos qilardim. 2, 2,5 daqiqada poyezdlar kelib turibdi. Hozir metroning bir vagoniga 300 yoki 350 nafar yo‘lovchi kirmoqda. Vagonlarning o‘zining bosim me’yorlari bor. Yo‘lovchilar soni ortishidan nosozliklar kelib chiqadi”, — dedi u.

Shuningdek, metropoliten xodimi agar vagonlarda yana shu kabi yo‘lovchilar soni me’yordan ortib ketsa, nosozliklar yana yuzaga kelishini inkor etmadi.

Shu bilan birga, yo‘lovchilar tomonidan metropolitendan foydalanish qoidalariga rioya qilinmayotgan holatlar ham bor.

Xususan, harakatlanish vaqtida o‘zaro hurmatni saqlanmayotgani, poyezd ichidagi yo‘lovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turib qolish, manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanish hamda poyezdning bosh va so‘ngi vagonlari bilan bir qatorda o‘rta vagonlaridan teng foydalanmayotganliklari noqulayliklarning asosiy sabablardan biri bo‘lmoqda.

Shuningdek, yo‘lovchilar tomonidan vagonlarda va metropoliten hududida shaxsiy buyumlarni qoldirib ketish kabi holatlar kuzatilmoqda. Bunda tekshirish maqsadida, yo‘nalishdagi poyezdni harakati yo‘nalishidan olinadi va harakat intervalini uzayishiga olib keladi (oxirgi haftada 9 ta shunday holat kuzatilgan).

Bugungi kunda, “O‘zbekiston” yo‘lida 5 ta vagondan iborat 6 ta harakat tarkibi ishlamoqda, ularning soni shu yilning oxiriga qadar 13 taga yetkaziladi. Bundan tashqari, yil yakunigacha “Chilonzor” metro yo‘lida ham 5 ta vagonli poyezdlarni sinov tariqasida yo‘lga qo‘yish reja qilinmoqda.

Bundan tashqari, 2023-yil yakuniga qadar 56 ta va 2024-yil davomida yana qo‘shimcha 104 dona zamonaviy metro vagonlarini xarid qilish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida, tasarrufdagi harakat tarkiblarini yangilanishiga hamda yo‘nalishlarda poyezdlar oraliq intervalini qisqartirishga erishiladi, deyiladi xabarda.

“Yangi metro vagonlari kelishiga 2 oy qolgani va yangi vagonlar kelishi bilan Chilonzor, O‘zbekiston, Yunusobod va Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishida vagonlar soni ortishi hamda buning hisobiga oraliq interval yanada kamaytiriladi. Yo‘lovchilardan ushbu holatlarni to‘g‘ri qabul qilgan holda, Sizlar uchun uzog‘ingizni yaqin qilayotgan metropoliten jamoasini qo‘llab quvvatlashingizni so‘raymiz”, — deya tushuntirmoqda Toshkent metropoliteni.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Toshkent shahrida jamoat transporti uchun liniyalar ajratila boshlandi. Hozirda ular ko‘plab markaziy ko‘chalarda mavjud. “Maxsus yo‘laklar” birinchi yo‘lkada tashkil etilgan va yo‘l belgilari bilan ajratilgan. Biroq, ajratilgan chiziqda cheklovlar yo‘qligi sababli, u yerga ko‘pincha mashinalar ham kirib, istalgan holatda to‘xtab turishi holatlari ko‘p. Bundan tashqari, avtobuslar chapga burilish uchun ham yo‘nalishini biroz o‘zgartirishga majbur.

Shunday qilib, yerusti jamoat transporti tig‘iz soatlarda tirbandlikda qolib ketadi, aslini olganda Toshkent ko‘chalarida ularga ustuvorlik berilmaganini qayd etish kerak. Avtobuslar, so‘nggi bir necha oy ichida sezilarli darajada ko‘payganiga qaramay, shaxsiy avtomobilning o‘rnini bosa olmaydi. Bunday sharoitda metro haqiqatan ham tig‘iz soatlarda avtomobillar va avtobuslardan tezroq harakatlanadigan yagona transport bo‘lib qolmoqda.

“Gazeta.uz” avvalroq avtobuslarga ajratilgan yo‘laklar qat’iyan chegaralangan bo‘lishi kerakligi haqida yozgandi. Eng yaxshi variant — ko‘chaning o‘rtasida tashish uchun ajratilgan chiziq bo‘lishi. Shaharsoz Iskandar Soliyev yaqinda Tibbiyot akademiyasi (eski ToshMI) yaqinidagi chorraha loyihasida ana shu usulni ko‘rsatgandi.

O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov aprel oyida joriy ajratilgan avtobus yo‘laklari harakatni tartibga solish muammosini “tezkor hal etish” ekanini aytgandi. Avtobuslarning to‘liq tezkor tranzit tizimlari uchun ajratilgan yo‘lakdan tashqari, maxsus to‘xtash joylari, piyodalar o‘tish joylari va boshqa infratuzilma zarur.