Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Tehron HAMASning Isroilga uyushtirgan hujumida ishtirok etmaganini ma’lum qildi, biroq u Isroilning harbiy va razvedka sohasidagi “tuzatib bo‘lmas mag‘lubiyatini” olqishladi.

Xomanaiy HAMAS hujumidan keyingi o‘z chiqishida “sionistik rejimga hujumni rejalashtirganlarning qo‘llarini o‘pamiz” deb ta’kidladi.

HAMAS hujumi Isroildagi osonlikcha tiklab bo‘lmaydigan ba’zi muhim tuzilmalarni vayron qildi. Bu halokatga sionistik rejimning o‘z harakatlari sababchi, — dedi Xomanaiy.

HAMASning yuqori martabali mulozimi Mussa Abu Marzuk guruh “maqsadlariga erishganini” va Isroil bilan sulh bo‘yicha muzokaralar uchun ochiq ekanini aytdi. “Guruh barcha siyosiy muloqotlarga ochiq”, — deya ta’kidladi u Al Jazeera nashriga telefon orqali bergan intervyusida.

Putin Isroil-Falastin urushi yuzasidan fikr bildirib, buni “AQSh siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli” deb atadi.

Rossiya prezidentining fikricha, Vashington “har ikki tomon uchun murosa yo‘lini izlashda unchalik ko‘p xarakat qilmadi”.

“Bu AQShning Yaqin Sharqdagi nazoratni monopollashtirishga uringan siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga yaqqol misol desam, o‘ylaymanki, fikrimga ko‘pchilik qo‘shiladi”, — dedi Putin HAMASning Isroilga hujumi va Isroilning G‘azo sektoriga bergan zarbalarini izohlab. Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, AQSh “Falastin xalqining tub manfaatlarini” hisobga olmagan.

“Birinchi navbatda, BMT Xavfsizlik Kengashining mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish to‘g‘risidagi qarorlarini amalga oshirish zaruratini nazarda tutyapman”, — dedi u. Putin aynan qaysi qarorlar haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi.

Isroil mudofaa kuchlari Livandan Isroilga 15 ta raketa uchirilgani haqida xabar berdi. Raketalardan to‘rttasi zararsizlantirilgan, 10 tasi esa ochiq joylarga tushgan va hech qanday zarar keltirmagan, qolgan bitta raketa bo‘yicha ma’lumot berilmagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali Isroil-Falastin urushini muhokama qildi.

Prezidentlar ikki tomon zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishi va muzokara jarayonini qayta boshlash zarurligini ta’kidladi va bu uchun yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.

“Yaqin Sharq inqirozini uzoq muddatli tinch yo‘l bilan hal qilish faqat BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan tasdiqlangan, 1967-yil chegaralarida poytaxti Sharqiy Quddusda joylashgan mustaqil Falastin davlatini yaratishni nazarda tutuvchi „ikki davlat“ formulasi asosidagina imkonli ekani ta’kidlandi”, — deyiladi Rossiya prezidenti matbuot xizmati bayonotida.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti komissiyasi Isroil va G‘azoda harbiy jinoyatlar sodir etilgani bo‘yicha “aniq dalillar” borligini ma’lum qildi. “Xalqaro huquqni buzgan va tinch aholini nishonga olgan barcha shaxslar o‘z jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishi kerak”, — deyiladi komissiya bayonotida.

Bayonotda tinch aholining HAMAS a’zolari tomonidan o‘ldirilishi, asirlarni garovga olish va tinch aholidan tirik qalqon sifatida foydalanish qoralangan. Shuningdek, komissiya Isroilning G‘azo sektorini o‘qqa tutganini va hududning suv, elektr energiyasi, oziq-ovqat hamda yoqilg‘i ta’minotini to‘xtatib qo‘yishni o‘z ichiga olgan blokadasini ham qoralagan.

Komissiya harbiy jinoyatlarga aloqador barcha shaxslarni aniqlash uchun ma’lumot to‘plashni davom ettirish niyatida ekanini qo‘shimcha qilgan.

Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil G‘azo sektoriga qarshi “to‘liq hujumga” o‘tayotganini aytdi. “Men barcha cheklovlarni olib tashladim, biz hudud ustidan nazoratni qo‘lga oldik va to‘liq hujumga o‘tyapmiz”, — degan Galant G‘azo chegarasidagi harbiylarga murojaat qilib.

“HAMAS G‘azoda o‘zgarish bo‘lishini xohladi va bu o‘zgarish ular o‘ylaganidan 180 daraja farqli bo‘ladi. Ular bu lahza uchun afsuslanishadi. G‘azo hech qachon avvalgi holiga qaytmaydi. Kimki bosh kesishga, ayollarni, Xolokostdan omon qolganlarni o‘ldirishga kelsa, biz uni bor kuchimiz bilan va murosasiz yo‘q qilamiz”, — degan Galant.

G‘azo sektoriga berilgan zarbalar oqibatida HAMASning ikki yuqori martabali a’zosi, jumladan, harakatning “iqtisodiyot vaziri” deb ataladigan Javad Abu Shamal halok bo‘ldi.

Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt kundan beri davom etayotgan urushda 1200 nafar isroillik halok bo‘ldi. 2,5 ming kishi jarohatlandi. G‘azo sektorida 950 kishi halok bo‘ldi, 5 ming kishi yaralandi.

Isroil elektr va suv yetkazib berishni to‘xtatgan mintaqada gumanitar falokat yuz bermoqda, deya xabar bermoqda CNN nashri.