O‘zbekiston Falastin-Isroil mojarosi sababli murakkablashgan vaziyatdan jiddiy xavotirda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi bayonotida so‘z boradi.

“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Falastin-Isroil mojarosi hududida tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlarga olib kelgan va butun Yaqin Sharqdagi vaziyatni sezilarli darajada murakkablashtirgan holat keskinlashganidan jiddiy xavotir bildiradi”, — deyiladi TIV xabarida.

Mamlakat kurashayotgan tomonlarni qurolli qarama-qarshilikni tez fursatlarda tugatish va inqirozni siyosiy hamda diplomatik vositalar orqali hal qilish uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqiradi.

“So‘nggi voqealar munosabati bilan halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiramiz va barcha jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz”, — deya qo‘shimcha qilgan TIV.

Avvalroq O‘zbekiston Tel-Avivdagi elchixonasi Isroildagi vatandoshlarni ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirgandi. Shuningdek, Isroilda bo‘lib turgan fuqarolardan O‘zbekistonga uchish uchun bemalol aviachipta olishi mumkinligi bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 7-oktabr kuni Falastinning HAMAS guruhi Isroilga qarshi minglab raketalarni uchirgan. Dushanba kuni ertalab Isroilda qurbonlar soni 700 dan oshdi, deb yozdi The Times of Israel. Isroil sog‘liqni saqlash vazirligi 2382 nafar qurbon borligi haqida xabar berdi.

G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 413 kishini tashkil etdi, 2300 kishi jarohat oldi, deya xabar berdi Reuters Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib.