O‘zbekistonda 2023-yil 1-noyabrdan boshlab iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan (hamda joylashgan hududidan) kelib chiqib, hisoblagich orqali 10−15 kV quvvat doirasida cheklov kiritiladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati xabar qildi.

Tushuntirilishicha, bunday chora eskirgan va ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan elektr tarmoqlari va transformator punktlari joylashgan ma’lum bir hududlarda iste’molchilarni uzoq vaqt elektr ta’minotidan uzilib qolmasligini ta’minlash maqsadida zarurat yuzasidan qo‘llaniladi. Ya’ni, bu yil qish va yoz oylarida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti kabi vaziyatlardagina ma’lum bir vaqt oralig‘ida elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklamalar tushishini oldini olish uchun amalga oshiriladi.

Avvalroq 1-noyabrdan maishiy iste’molchilarga 1000 kVtdan ko‘p elektr energiya iste’moli uchun belgilangan tarifga nisbatan 4 barobargacha o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llanilini xabar qilingandi.

Unga ko‘ra, amaldagi tarif 295 so‘mligicha qolmoqda, faqat ko‘proq elektr sarflagan aholi ko‘proq to‘lov qilishi belgilab berilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, elektr energiyasining quvvati o‘rtacha oylik iste’mol miqdoridan oshib ketgan III guruh iste’molchilari, ya’ni maishiy iste’molchilarga:

  • 1 001 dan 5 000 kVt soatgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 2 barobar (amaldagi tarif 295 so‘m, ikki baravari 590 so‘m);
  • 5 001 dan 10 000 kVt soatgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 3 barobar (885 so‘m);
  • 10 000 kVt soatdan yuqori iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 4 barobar (1180 so‘m) o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.

Ushbu tarif guruhi bo‘yicha aholi tomonidan turmush ehtiyojlari uchun uy-joylarda, xonadonlarda, yotoqxonalarda, yordamchi xo‘jaliklarda, shaxsiy foydalaniladigan tomorqa bog‘ obyektlarida, shu jumladan bog‘ shirkatlari va dala hovlilar sug‘orish nasoslari, shaxsiy avtomashinalar uchun garajlarda sarflanadigan elektr energiyasi haqi tok qabul qilgichlarning quvvati hamda hisobga olish asboblarining o‘rnatilgan joyidan qat’iy nazar, to‘lanadi.