7 okyabr kuni Afg‘oniston g‘arbida ro‘y bergan 6,3 magnitudali zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni ikki mingdan oshdi, deya xabar bermoqda СNN.

“Tolibon” harakati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid halok bo‘lganlar soni 2053 nafarga yetgani, jabrlanganlar 1240 dan oshgani, 1320 ta uy to‘liq yoki qisman vayron bo‘lganini ma’lum qildi. Raqamlar yanada ko‘payishi mumkin.

Zilzila markazi Hirot viloyatiga qutqaruv guruhlari, shuningdek, oziq-ovqat, suv, dori-darmon va kiyim-kechak yuborilgan, deya qo‘shimcha qilgan Mujohid. Dastlabki zilzila qo‘shni Badgis va Farah viloyatlarida ham sezilgan va undan keyin ko‘plab aftershoklar kuzatilgan.

afg‘oniston, tiv, zilzila
Foto: apnews.com

BMT Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasining qayd etishicha, hozirga qadar hodisa oqibatida jami 4200 kishi (600 ta oila) zarar ko‘rgan. Zilziladan so‘ng omon qolganlar xavfsizlik uchun ko‘chalarda to‘planishmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vaziyat yuzasidan bayonot berar ekan, ko‘plab insonlarning halok bo‘lishi va keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga olib kelgan zilzila haqidagi xabar O‘zbekistonda chuqur qayg‘u bilan qabul qilinganini bildirdi.

“Zilzila qurbonlarining oila a’zolariga samimiy hamdardlik bildiramiz, afg‘on xalqining qayg‘usiga sherikmiz va jabrlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz”, — deyiladi xabarda.

TIVning qayd etishicha, O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston va uning xalqi bilan bugungi og‘ir damlarda birgadir.