Rossiya prezidenti Vladimir Putin 6-oktabr kuni Kremlda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Rossiya-Dog‘iston” aloqalari rivoji uchun unga minnatdorchilik bildirdi.
Uning so‘zlarini TASS agentligi tarqatgan ikki prezident muzokaralari aks etgan videoyozuvda eshitish mumkin. RF rahbarining xatosiga ““Novaya gazeta Yevropa” nashri e’tibor qaratdi.
“Rossiya-Dog‘iston munosabatlarini rivojlantirishdagi shaxsiy ishtirokingiz uchun sizga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bu rivojlanish barcha yo‘nalishlarda yaxshi dinamikaga ega”, — dedi Putin Katta Kreml saroyidagi tor doiradagi uchrashuv avvalida.
Kreml saytida e’lon qilingan prezidentlar o‘rtasidagi suhbat stenogrammasida “Rossiya-Dog‘iston aloqalari” iborasi “Rossiya-O‘zbekiston aloqalari” deb to‘g‘rilangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda prezidentlar xonaga o‘z mamlakatlari delegatsiyalari joylashgan tomondan emas, qarama-qarshi tomondan kirib kelganiga ham e’tibor qaratildi.