O‘zbekistonda 2023-yilning 9 oyida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2427 ta huquqbuzarlik qayd etildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu holatlarda 714 tup qimmatbaho navli daraxt noqonuniy kesilgan. Ta’kidlanishicha, Qizil kitobga kiritilgan o‘simliklar rejasiz va nazoratsiz yig‘ib olinishi sababli tabiiy zaxiralar va populyatsiyalarning o‘sish maydonlari qisqarmoqda.

Xususan, Surxondaryo viloyati “Bobotog‘” davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida iyul-sentabr oylarida 11 550 tup tabiiy holda o‘suvchi tojik kavragi dorivor o‘simligi noqonuniy kesilib, tabiatga 5,7 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, o‘rmon fondi yer uchastkalarini qonunchilik hujjatlari talablariga zid ravishda ijaraga berish holatlari aniqlanib, 18 ta jinoyat, 46 ta ma’muriy va 23 ta intizomiy ishlar qo‘zg‘atildi hamda noqonuniy egallangan 1539 gektar yerlar o‘rmon fondi hisobiga qaytarildi.

Umuman nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish to‘g‘risida mutasaddi idoralarga 107 ta taqdimnoma kiritildi.

206 ta noqonuniy hujjatga protest keltirildi, sudlarga 4 ta da’vo arizasi kiritildi, 304 nafar shaxs ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortildi, qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 7 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda 228 nafar fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi, deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda 2023-yilning birinchi yarmida 2 mingdan ortiq daraxt va butalarni noqonuniy kesish holatlari aniqlangan va tabiatga yetkazilgan zarar 3,6 mlrd so‘mni tashkil etgandi.