Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori va murojaatchi ayol o‘rtasidagi tortishuv aks etgan video tarqaldi. Videoda prorektor ayol bilan sensirab gaplashgani, uni “iflos” deb atab, “Yo‘qol bu yerdan “voobshe”, degani aks etgan. Ayol undan tinchlanishni so‘rab, “oliy ta’limda” turganini eslatadi.

Universitet holatga munosabat bildirib, holat 2023-yil sentabr oyi birinchi o‘n kunligida ro‘y berganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, murojaatchi ayol prorektor qabuliga kirgan. Qizi geologiya fakulteti 1-kursi kechki bo‘limga o‘qishga kirganini aytib, “talabalar turar joyidan o‘rin ajratish va ish bilan ta’minlashni talab qilgan”. Prorektor murojaatchiga kechki ta’lim shaklida tahsil oladigan talabalar uchun yotoqxona yetishmasligi, o‘rinlar kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiydigan talabalarni qamrab olganini bildirgan.

“Murojaatchi tushunishni xohlamay, u holda ish bilan ta’minlab berasizlar, deb talab qo‘ygan. Prorektor agar imkoniyat topsak, maktablardan ish gaplashib beramiz, deb kerakli tavsiyalarni bergan. Ayol esa farzandiga universitetdan ish hal qilib berish talabini qo‘ygan. Talablari to‘liq qanoatlantirilmagan ayol ketar chog‘ida universitet rahbariyati va prorektorni o‘rinsiz haqoratlab ketgan. Kurakda turmaydigan so‘zlar prorektorning nafsoniyatiga tekkan va u ham ayolga nisbatan qo‘pol so‘zlarni ishlatgan”, — deyiladi universitet munosabatida.

Ta’kidlanishicha, shu vaziyat murojaatchi tomonidan yozib olingan va “prorektor murojaatchi ayolni haqorat qildi” degan ma’nodagi qismi tarqatilgan. Universitet prorektori bilan ro‘y bergan ushbu holatda adolatli qaror chiqarish yuzasidan tegishli organ tomonidan tekshirish ishlari olib borilmoqda.

“Vaziyat to‘liq o‘rganilib, holatga huquqiy baho berilgunicha hozirda videoda aks etgan prorektor o‘z vazifasidan vaqtincha chetlatildi va uning vazifalari universitetning boshqa mas’ul prorektoriga yuklatildi. Tegishli tekshiruvlardan so‘ng prorektorga tashkiliy, intizomiy yoki ma’muriy chora ko‘rish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinadi”, — deyiladi xabarda.