13-oktabr kuni Bishkekda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlat rahbarlari kengashi majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti administratsiyasi tashqi siyosat bo‘limi mudiri Muratbek Azimbakiyev ma’lum qildi.

Sadir Japarov raisligida o‘tadigan tadbir davomida hamdo‘stlikka a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilinadi, deyiladi xabarda.

MDHning mazkur sammitida hamdo‘stlik davlat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

“Shuni alohida ta’kidlash joizki, joriy yilda Qirg‘iziston MDH organlariga raislik qilmoqda”, — deydi Muratbek Azimbakiyev.

Shavkat Mirziyoyev 2022-yilning 26−27-dekabr kunlari Sankt-Peterburgda o‘tgan MDHga a’zo davlatlar rahbarlari norasmiy sammitida ishtirok etgandi.