O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyalarini berish yana boshlandi, deya xabar berdi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali.

Subsidiya Hukumatning 2020-yil 25-martdagi 182-sonli qarori bilan tasdiqlangan ijtimoiy mezonlar doirasida uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarga beriladi.

Quyidagi toifalardagi 18 yoshdan oshgan fuqarolar subsidiya olish uchun murojaat qilishlari mumkin:

  • qishloqlarda yashovchi, daromadi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan (2 mln 940 ming so‘m) 6,9 baravarigacha (6 mln 762 ming so‘mgacha) bo‘lganlar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida yashovchi, daromadi MHTEKMning 3 baravaridan (2 mln 940 ming so‘m) 8 baravarigacha (7 mln 840 ming so‘mgacha) bo‘lganlar;
  • Toshkent shahrida yashovchi, daromadi MHTEKMning 3 baravaridan (2 mln 940 ming so‘m) 9,2 baravarigacha (9 mln 16 ming so‘mgacha) bo‘lganlar.

Fuqarolar subsidiya olish uchun my.gov.uz portali orqali elektron shaklda murojaat qilishlari mumkin. Ariza ijobiy ko‘rib chiqilgandan so‘ng, arizachi qurilish (pudratchi) tashkiloti bilan ipoteka kreditidan foydalangan holda uy-joy sotib olish to‘g‘risida shartnoma tuzadi.

Subsidiya bitta oilaga faqat bir marta beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda ipoteka subsidiyalari uchun 1,6 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.