O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi 24−27-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan ICTWeek Uzbekistan 2023 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligida “mobil qullik”ka barham berilishi haqida e’lon qiladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Ushbu yangilik vazirlik rahbariyati tomonidan e’lon qilinishi kutilmoqda, shuningdek, mobil operatorlar o‘rtasida raqamlarni uzatish tizimi (Mobile Number Portability, MNP) namoyish etiladi.

3-oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda vazirlik vakili “mobil qullik”ni bekor qilishning texnik asoslari o‘tgan yili tayyor bo‘lganini bildirdi.

“Ushbu protsedura kelishuv jarayoni tufayli kechiktirildi. Texnik jihatlarga kelsak, biz o‘tgan yili tayyor edik”, — dedi u.

Raqamlarni ko‘chirish xizmatini joriy etish prezident tomonidan 2018-yil may oyida tasdiqlangan 2018−2021-yillarda O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan edi. O‘sha yilning dekabr oyida Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi (hozirgi Raqamli texnologiyalar vazirligi) mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom loyihasini muhokamaga kiritgan edi.

Boshqa operator bilan yangi shartnoma tuzishda raqamni saqlab qolish huquqi 2020-yil 1-oktabrdan kuchga kirgan Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalariga ham kiritilgan.

Unitel (Beeline) sobiq direktori Dmitriy Shukov MNP`ni joriy qilish o‘n yillar avvalgidek dolzarb emasligini ta’kidladi, chunki yangi texnologiyalar abonent raqamiga qat’iy bog‘lanishni amalda nolga tushirdi. Shu bilan birga, u boshqa mamlakatlarda mavjud bo‘lgan statsionar raqamlarni ko‘chirish imkoniyati yo‘qligidan hayratda ekanligini bildirdi.