O‘zbekistonda energetika bozorini tartibga soluvchi organ — Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadigan Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tashkil etilmoqda. Bu prezidentning 28-sentabrdagi “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan (“Gazeta.uz”da hujjat nusxasi mavjud).

Agentlikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • bosqichma-bosqich elektr energiyasining raqobatbardosh ulgurji va chakana bozorlarini яратишни ta’minlash;
  • elektr energiyasi bozorida raqobatni qo‘llab-quvvatlash, bozorning jozibadorligini hamda talab va taklif mutanosibligini ta’minlash;
  • elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo bozorlari faoliyatining barcha ishtirokchilari uchun teng huquqliligini hamda raqobatbardoshligini ta’minlovchi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
  • elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo bozorlarida qatnashchilarning raqobat asosidagi faoliyatini litsenziyalash, shuningdek ularning litsenziya shartlariga rioya etishini nazorat qilish;
  • 2026-yildan elektr energiyasini yetkazib berish va taqsimlash tariflari va to‘lovlarini tasdiqlash;
  • elektr energiyasini uzatish va taqsimlashda magistral va taqsimlovchi elektr tarmoqlarida elektr energiyasining yo‘l qo‘yiladigan texnologik yo‘qotishlari me’yorlarini tasdiqlash;
  • bozor kon’yunkturasi va energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirishni rejalashtirish va infratuzilmani yaratishga qaratilgan uzoq muddatli investitsiya siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
  • energetika sohasida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirishda mahalliy tovarlar va xizmatlarni xarid qilishni rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish.

Agentlik tomonidan o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar vazirliklar, idoralar, hokimliklar va boshqa tashkilotlar, shuningdek mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.

Agentlik faoliyati to‘g‘risidagi nizomni 2024-yil 1-yanvargacha ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga agentlik bilan birgalikda 2024-yil 1-fevralga qadar xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magida xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda elektr energiyasi tariflarini belgilashning yangi metodologiyasini ishlab chiqish va hukumatga tasdiqlash uchun kiritish topshirildi.

Prezident qarori bilan 2023−2030-yillarga mo‘ljallangan elektr energiyasi ulgurji va chakana bozorlari mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasi ham tasdiqlandi.

Ulgurji bozor

O‘zbekiston 2025-yilga borib uch bosqichda raqobatbardosh elektr energiyasi bozoriga o‘tishi rejalashtirilgan edi. Birinchi bosqichda elektr energetikasi korxonalarini liberallashtirish va elektr energiyasini sotishni xohlovchi xususiy korxonalar uchun litsenziyalar olish nazarda tutildi. Bunday bozor yondashuvi mahsulot sifatini yaxshilaydi va narxlarni pasaytiradi, deb taxmin qilingan edi.

Ikkinchi bosqichda elektr energiyasini taqsimlash tizimi operatori yaratilishi, iste’molchilarga elektr energiyasini sotish funksiyalari bosqichma-bosqich yetkazib beruvchilarga o‘tkazilishi kutilgan edi. Ushbu yetkazib beruvchilarga litsenziya asosida iste’molchilarga elektr energiyasini sotish huquqi berilishi mumkin.

Uchinchi bosqich — “Bir kunlik (soatlik) savdo”. Soatlik elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilishning ortiqcha yoki taqchil hajmlari savdo maydonchasida onlayn tarzda sotiladi.

Energetika vazirining sobiq o‘rinbosari Sherzod Xodjayev 2022-yil iyun oyida yangi konsepsiyaga ko‘ra, raqobatbardosh elektr energiyasi bozorining ulgurji va chakana savdosiga o‘tish uchun to‘rt bosqich kerak bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident bozorga kirmoqchi bo‘lgan har qanday tadbirkorlik subyektiga litsenziya berilishi, o‘zining ishlab chiqarishini boshlashi mumkin bo‘lgan tushunarli tartiblar belgilanishini ko‘zda tutgan bozor qoidalarini tasdiqlashga ruxsat bergan.

2023-yildan xususiy kompaniyalar uchun elektr energiyasini sotish bozorini ochish rejalashtirilgan edi. 14 ta tuman va shaharda ular yuridik shaxslarga elektr energiyasini sotish huquqini olishlari kerak edi. Shuningdek, energiya bozorini boshqarishning yangi tizimiga o‘tish, energiyani ulgurji xarid qilish va sotish kompaniyasi hamda sohani tartibga solish agentligini tashkil etish rejalashtirilgandi. Biroq bu rejalar hali amalga oshirilgani yo‘q.

Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev avvalroq ““bozor asosida tariflarni hamda energiya ishlab chiqaruvchisi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladigan” alohida tartibga soluvchi organ paydo bo‘lishi kutilayotgani haqida ma’lum qilgan edi.