O‘zbekistonda oliy ta’lim bo‘yicha qamrov darajasi 42 foizga yetdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan soha xodimlariga yuborgan tabrigida ma’lum qildi.

“Oxirgi yetti yilda maktabgacha ta’lim bo‘yicha qamrov darajasini 27 foizdan 72 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 42 foizga, oliygohlarimiz sonini 77 tadan 212 taga yetkazishga erishganimiz, hech shubhasiz, eng muhim yutug‘imizdir”, — deyiladi tabrik matnida.

Qayd etilishicha, ta’lim-tarbiya sohasida qabul qilgan dasturlar asosida keyingi vaqtda 261 ta yangi o‘rta ta’lim muassasasi qurilgan, 2,5 mingta maktabni kengaytirish hisobidan qo‘shimcha 700 mingta o‘quvchi o‘rni yaratilgan.

“Bu yil xorijdan taklif etilgan 500 nafar chet tili mutaxassisi maktablarimizda ish boshladi. Kelgusi yillarda ularning sonini 3 barobar oshiramiz, 10−11-sinflarda bir qator fanlarni o‘quvchilarning tanlovi asosida chuqurlashtirib o‘qitishni yo‘lga qo‘yamiz”, — deya qayd etilgan tabrikda.

Ta’kidlanishicha, ta’lim sohasi xodimlarining o‘rtacha ish haqi 2 barobar ko‘paytiriladi. Ming nafar tarbiyachi va o‘qituvchilar xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuboriladi. O‘qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi ham takomillashtiriladi.