Shveysariya Bosh prokuraturasi 28-sentabr kuni mamlakat federal jinoyat sudiga O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimova va uning sherigiga nisbatan ayblov xulosasini kiritdi. Prokuratura, shuningdek, Gulnora Karimovaga aloqador muzlatib qo‘yilgan 440 mln Shveysariya franki (483 mln dollar)dan ortiq aktivlarni musodara qilish bo‘yicha ham so‘rov kiritgan.

Ayblanuvchilar turli mamlakatlarda, xususan, Shveysariyada faoliyat olib borgan jinoiy tashkilot faoliyatida ishtirok etgani aytilmoqda. Ayblovlar ichida 2005-yildan 2013-yilgacha bo‘lgan davrda jinoiy tashkilot faoliyatida ishtirok etish, pul yuvish, xorijiy davlat amaldorlari sifatida pora olish va hujjatlarni qalbakilashtirish bor.

Federal Jinoyat sudiga taqdim etilgan ayblov xulosasi quyidagi holatlarga asoslanadi:

Shveysariya Bosh prokuraturasi 2012-yilning iyul oyida Gulnora Karimovaning shaxsiy yordamchisiga nisbatan hujjatlarni qalbakilashtirish va pul yuvish bo‘yicha, Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasining O‘zbekistondagi sho‘’ba korxonasi sobiq bosh direktoriga nisbatan esa pul yuvish bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

2012−2014-yillar oralig‘ida tergov jarayoni Gulnora Karimovaning o‘zi va uning qo‘l ostidagilarni ham qamrab olgan, chunki o‘sha vaqtga kelibgina uning BMTning Jenevadagi vakolatxonasi diplomati sifatidagi faoliyati bilan bog‘liq immuniteti bekor qilingan.

2018−2021-yillardagi tergov doirasida to‘rt nafar shaxs pul yuvish va hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topilgan. O‘shanda 340 mln frankdan (taxminan 373 mln dollar) ortiq mablag‘ O‘zbekistonga qaytarish maqsadida musodara qilingan. Ayni vaqtda Gulnora Karimova va ikkinchi ayblanuvchiga qarshi ish yuzasidan 440 mln frankdan (483 mln dollar) ortiq mol-mulk olib qo‘yilgan.

Xorijiy davlat amaldorlari sifatida pora olish bo‘yicha ayblov 2021-yilda Gulnora Karimova va sobiq bosh direktorga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish doirasida qo‘shilgan. Jinoiy tashkilot faoliyatida ishtirok etish va qo‘llab-quvvatlash ayblovi 2022-yilga kelib qo‘shildi.

The Office tashkiloti

Ayblov xulosasiga ko‘ra, kamida 2001-yildan 2013-yilgacha Gulnora Karimova The Office nomi bilan tanilgan bir necha o‘nlab shaxslar va ko‘plab kompaniyalarni o‘z ichiga olgan iyerarxik jinoiy tashkilot tuzgan va unga rahbarlik qilgan. Tashkilot Shveysariyadagi faoliyatini 2005-yilda, jinoiy operatsiyalaridan kelib tushgan kapitalni Shveysariyadagi bank hisoblari va seyflaridagi yashirish va ko‘chmas mulk sotib olish uchun boshlagan.

Uning hajmi, tashkil etilish tartibi, infratuzilmalari, o‘ziga tegishli bo‘lgan mulklar ko‘lami va ayrim a’zolarining malakasini hisobga olgan holda, The Office o‘zining jinoiy faoliyatini professional biznes sifatida, majburiy qoidalarga va vazifalarning qat’iy taqsimlanishiga rioya qilgan holda, shu bilan birga zo‘ravonlik va qo‘rqitish usullarini qo‘llab amalga oshirgani aytiladi. Tekshiruvlar butun tuzilmaning yashirin bo‘lishini kafolatlash uchun tashkil etilgan va foydalanilgan yuzlab kompaniyalar bilan bog‘liqliklarni aniqlagan. Bu kompaniyalar turli yurisdiksiyalarda, xususan, Shveysariyada bank hisoblariga ega bo‘lgan.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, o‘sha paytda ushbu sohaga kirish va unda faoliyat yuritishni xohlovchi xorijiy kompaniyalar o‘zlariga kerakli qarorga erishish uchun Gulnora Karimovaga The Office kompaniyalari orqali pora berishlari talab qilingan. Shu tariqa Gulnora Karimova kompaniyalarning telekommunikatsiya sohasiga kirishi va faoliyatiga ruxsat olishida davlat amaldorlariga cheksiz ta’sir ko‘rsatish imkonini bergan prezidentning qizi va o‘zbek davlat amaldori sifatidagi ikki tomonlama maqomidan foydalangan.

Telekommunikatsiya kompaniyalaridan olingan korrupsion daromadlar keyinchalik The Office`ga aloqador turli kompaniyalar orqali murakkab operatsiyalar bilan turli bank hisob raqamlariga, ulardan esa Shveysariyadagi bank hisob raqamlariga o‘tkazilgan. Ushbu bank hisoblarining benefitsiar egalari o‘rtadagi odamlar bo‘lib, ular orqali Gulnora Karimova haqiqiy benefitsiar ekanligi yashirilgan. Shveysariyada olib borilgan tekshiruvlar natijasida bank aktivlari va ko‘chmas mulk, shuningdek, bank seyflariga qo‘yilgan naqd pul va qimmatbaho narsalardan iborat umumiy qiymati 780 mln frank (857 mln dollar) ekvivalentiga teng aktivlar muzlatib qo‘yildi.

Ikki ayblanuvchiga qo‘yilayotgan ayblovlar va ularning roli

Gulnora Karimova jinoiy tashkilot deyilayotgan The Office`ga umumiy rahbarlik qilishda ayblanmoqda. U tashkilotni tashkil etish va uning jinoiy faoliyatini boshlash, xususan, Shveysariyada The Office a’zolari va kompaniyalari nomiga bank hisob raqamlarini ochish, jinoiy aktivlarni o‘tkazish va ushbu o‘tkazmalarni asoslash uchun soxta hujjatlarni rasmiylashtirishda ishtirok etgani aytilmoqda. Ikkinchi ayblanuvchi (Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasining O‘zbekistondagi sho‘’ba korxonasining sobiq bosh direktori) The Office`ning “asosiy a’zosi” sifatida ayblanmoqda. U, xususan, O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasida korrupsion sxemalar ishlab chiqish va ularni boshqarishda ishtirok etgani aytilmoqda.

Mazkur ish bo‘yicha Shvetsiya, Fransiya, Norvegiya, Niderlandiya, AQSh va Buyuk Britaniyada bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. The Office`ning mavjudligi va ushbu jinoiy tashkilot tomonidan sodir etilgan ko‘plab jinoyatlar Shveysariyada va xorijda chiqarilgan bir nechta sud qarorlarida tasdiqlangan.

Bundan tashqari, Shveysariya bosh prokuraturasi o‘zaro yordam bo‘yicha 19 mamlakatga ushbu jarayonlar bilan bog‘liq ko‘plab so‘rovlar yuborgan va qabul qilgan.

Shveysariya Bosh prokuraturasi, shuningdek, umumiy qiymati 440 mln frankdan (483 mln dollar) ortiq bo‘lgan aktivlarni musodara qilish bo‘yicha so‘rov ham kiritgan.

Shuningdek, tashkilot har ikkala ayblanuvchiga ham yakuniy hukm chiqarilgunga qadar aybsizlik prezumpsiyasi amal qilishini eslatib o‘tgan.