Shavkat Mirziyoyev 26-sentabr kuni mahallabay ishlash tizimini kuchaytirish yuzasidan videoselektor o‘tkazdi.

Davlat rahbari mamlakatda barcha ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar aholi talabidan kelib chiqib, joylarda amalga oshirilayotgani, buning uchun mahallalarga ko‘plab vakolatlar, tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar berilayotganini ta’kidladi.

“Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat „beshlik tizimi“ tashkil etildi. Lekin ularning o‘zaro muvofiq ishlashida kamchiliklar, juda ko‘p takrorlanishlar bor. Ijtimoiy maqsaddagi mablag‘lar ba’zan samarasiz yo‘naltirilyapti. Ehtiyojmand aholining masalasini hal qilish viloyat va respublika idorasiga bog‘lanib qolgan. Mahalla xodimlari faoliyatini baholash mezoni yo‘q. Ularning ko‘p vaqti „qog‘oz to‘ldirish“ va majlislarga ketyapti”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev mahalladagi beshlik “mahalla yettiligi”ga aylanishini bildirdi. Bunda ularning safiga soliqchi va ijtimoiy xodim ham kiritiladi.

Ta’kidlanishicha, ehtiyojmand aholini ro‘yxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masalalar, tuman va viloyat idoralariga chiqmasdan, mahallaning o‘zida jamoaviy hal qilinadi. Shuningdek, Bandlik, Tadbirkorlik va Kasanachilik jamg‘armalari mablag‘lari har bir mahallaga taqsimlab beriladi.

Zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Mahallani joylarda muammolarni chinakam hal qiladigan institutga aylantirishimiz zarur. Yana tajriba orttiramiz, yana o‘zgartiramiz. Hayot bizni shunga majbur qilyapti. Hozirgi tahlikalarga yechim topamiz desak, bizning yagona yo‘limiz — mahalla, mahalla, mahalla va bir marta mahalla. Mahalla tizimi obro‘yini qancha ko‘tarsak, odamlar ishonadi, odamlar bizdan rozi bo‘ladi, deya ta’kidladi davlat rahbari.

Mahalla raisi va uning jamoasi odamlarning muammolarini hal qilishi kerak, dedi u. “Muallimning qancha qog‘ozi bor edi? Shifokorning qancha qog‘oz to‘ldirishi bor edi? Yo‘q qildik-ku. Hamma qog‘ozbozlikni yo‘q qiladigan qarorni yozasiz. [Sherzod] Shermatov bilan birga hammasini raqamlashtirasiz. Qog‘oz umuman yo‘q bo‘lishi kerak mahalla tizimida”, — dedi prezident.

mahalla, mahalla raisi, рақамлаштирish, шавкат мирзиёев

Uning qayd etishicha, mahalla raisi “eng og‘ir, ehtiyojmand oila”ga uy-joylarni ta’mirlashda yordamlashishi yoki hokimlar bilan birgalikda ipoteka kreditini olib berishi mumkin.

“Bir oyda bitta oilaga yordam bersangiz, [yiliga] 12 ta, ikkitadan bo‘lsa, 24 ta oila rozi bo‘ladi. Hokim yordamchisi bir oyda 10 tagina odamni ish bilan ta’minlasa bo‘ladimi? 10 tani 9940 ga (O‘zbekiston mahallalaridagi hokim yordamchilari soni — tahr.) ko‘paytirsa, qancha odam bir oyda ish bilan ta’minlanadi”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy sohani barqaror rivojlantirish uchun yil oxirigacha “mahalla yettiligi” bilan ishlashni o‘rganish zarurligini ta’kidladi. “2024-yilga yaxshi tizim bilan kiramiz. Odamlar rozi bo‘ladi”, — dedi u ishonch bildirdi.

Mahallalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika, viloyat va tuman (shahar) kengashlari joriy etiladi. Respublika kengashiga — bosh vazir, hududiy kengashlarga esa hokimlar rahbarlik qiladi. Kengashlar “mahalla yettiligi” qo‘ygan masalalarga yechim topadi, moliyaviy manbalarini hal qilib beradi.

“Biz faoliyatimizning birinchi kunlaridan hamma ishni mahallada, xalqimiz bilan birgalikda tashkil qilib kelayapmiz. Bu tizimni bosqichma-bosqich rivojlantirdik. Endi yana qo‘shimcha kuch, imkoniyatlar berilyapti. Bu ham vakolat, ham mas’uliyat degani. Mahallalar — davlatimizning eng katta zamini”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.