“Yettilik”ga aylantirilayotgan “beshlik tizimi” O‘zbekistonda “eshituvchi davlat” konsepsiyasini amalga oshirish maqsadida yaratilgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 26-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Avvalroq mahallalardagi rais, hokim o‘rinbosari, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektoridan iborat “beshlik” “yettilik”ga aylantirilgani haqida yozdik — ular safiga soliq xodimi va ijtimoiy xodim ham qo‘shildi.

“Xalqni rozi qilishimiz uchun mahallalardagi muammolarni bilib turishimiz kerak. Hozir ["besh"] „yettita“ bo‘ladi. „Yettilik“ mahalladagi vaziyatni bilishi kerak… Agar bitta hokim yordamchisi bir oyda 5 tagina odamni ish bilan ta’minlasa, yoshlar faoli 5 tagina bolaning dunyoqarashini o‘zgartirsa, xuddi shunday, ayollar bilan [ishlansa], ular soni tuman miqyosida qancha bo‘ladi? O‘zbekiston tajribasini, „eshituvchi davlat“ degan iborani amalda bajaramiz desak, bizga tajribali, fidoyi mahalla raislari kerak”, — dedi u.

mahalla, шавкат мирзиёев

“Odamlarning bizga bergan ishonchini oqlaymiz desak, bizni bitta narsa qutqaradi — sadoqat, vatanga muhabbat va fidoyilik, — dedi prezident.

“Bitta narsani bilinglar: hamma narsa ijro organi rahbarlariga bog‘liq. Qayerda hokim fidoyi bo‘lib, o‘zini qiynab, bu masalaning ichiga, to‘rtta sektorni (hokim, prokuror, IIB boshlig‘i va soliq xizmati boshlig‘i sektorlari — tahr.) ishlatsa, mahallaga tushsa… Mahalla raislarini o‘z ustida ishlashiga zamonning o‘zi majbur qiladi. Tuman hokimligi o‘zi nima uchun kerak? Mahalla tizimi, ishini ta’minlash uchun kerak. Bu tizim mahallaga yetib borishi kerak”, — deydi u.

Davlat rahbari barcha davlat xizmatchilari uchun yagona hakam xalq ekanini ta’kidladi.

“Biz tizim yaratib berdik. Biz [mahallalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun] kengash tuzyapmiz. Takror aytaman, biz faqat va faqat xalqimizni, vatanimizni sevishimiz kerak. Vatanimiz — yangi O‘zbekistonimiz barqarorligiga barchamiz hissamizni qo‘shishimiz kerak”, — dedi prezident.

Mazkur yig‘ilishda Mahallalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika, viloyat va tuman (shahar) kengashlari joriy etilishi aytib o‘tildi. Respublika kengashiga — bosh vazir, hududiy kengashlarga esa hokimlar rahbarlik qiladi. Kengashlar “mahalla yettiligi” qo‘ygan masalalarga yechim topadi, moliyaviy manbalarini hal qilib beradi.

Ta’kidlanishicha, ehtiyojmand aholini ro‘yxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masalalar, tuman va viloyat idoralariga chiqmasdan, mahallaning o‘zida jamoaviy hal qilinadi. Shuningdek, Bandlik, Tadbirkorlik va Kasanachilik jamg‘armalari mablag‘lari har bir mahallaga taqsimlab beriladi.

“Mahallani joylarda muammolarni chinakam hal qiladigan institutga aylantirishimiz zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.