Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 25-sentabr kuni mamlakat fuqarolariga uchuvchisiz apparatlarni davlat hududiga olib kirish, saqlash, sotish, ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni taqiqlovchi farmonni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, fuqarolik dronlaridan foydalanishga faqat yuridik shaxslar va tashkilotlarga, “tadbirkorlik va professional faoliyat” doirasida ruxsat etiladi.

Tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar fuqarolik dronlarini mamlakatga olib kirish uchun Transport va kommunikatsiyalar vazirligining Aviatsiya boshqarmasidan tegishli ruxsatnoma olishi zarur.

Farmonda yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan fuqarolik uchuvchisiz uchish apparatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish ham nazarda tutilgan.

Fuqarolarga o‘zlariga tegishli bo‘lgan dronlarni tashkilotlarga sotishlari yoki ularni “hukumat tomonidan belgilangan vakolatli tashkilot”ga saqlash uchun topshirishlari uchun 6 oy vaqt berilgan. Bular qanday tashkilotlar ekani bo‘yicha esa ma’lumot yo‘q.