25-sentabr kuni O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Hujjat bilan Qonunchilik palatasi va Senat vakolatlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilishi nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, Parlament palatalariga o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolatini beriladi. Bunday holatda Qonunchilik palatasiga yangi saylov 2 oy mobaynida o‘tkaziladi, Senatning yangi tarkibi esa, 1 oy mobaynida shakllantiriladi.

Shuningdek, mazkur hujjat bilan quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilgan:

Senatning vakolatlariga mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashish, Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan davrda Oliy Majlisning qonunlarni qabul qilishga doir vakolatlarini bajarish, qonunni u Senatga kelib tushgan kundan e’tiboran 60 kun ichida ko‘rib chiqish va boshqalar kiritiladi.

Senat a’zolari har bir ma’muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan saylanishi, 9 nafari prezident tomonidan tayinlanishi (jami 65 nafar) belgilanadi. Doimiy asosda ishlovchi senatorlar soni amaldagidek 25 nafar miqdorda saqlanib qolmoqda.

Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasini tugatish taklif etilgan.

Senatning quyidagi vakolatlari bekor qilinib, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari sifatida belgilanadi:

  • Davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish va Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;
  • prezidentning taqdimiga binoan bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash;
  • bosh vazir, Hukumat a’zolarining hisobotlarini hamda Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma’ruzasini eshitish.

Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartiriladi. Bunda:

  • Spikerning o‘rinbosarlari fraksiya a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi hamda lavozimda bo‘lish davrida siyosiy partiyadagi a’zolikni to‘xtatib turishi belgilanmoqda;
  • fraksiya rahbari moddiy, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra spiker o‘rinbosariga tenglashtirilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Eslatib o‘tamiz, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 94 va 95-moddalarida Qonunchilik palatasi va Senat o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida deputatlar/senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilishi mumkinligi belgilangan.