Xitoyning Xanchjou shahrida XIX yozgi Osiyo o‘yinlariga start berildi. Musobaqaning ilk kunida o‘zbekistonlik sportchilar 1 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Akademik eshkak eshish

O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga musobaqadagi dastlabki medalni akademik eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasida yengil vazn toifasidagi juftlik dasturida ishtirok etgan Luizaxon Islomova hamda Malika Tagmatova yozib qo‘ydi. Sportchilar final dasturida marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tishdi va kumush medalini qo‘lga kiritishdi.

Akademik eshkak eshish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida yengil vaznli sportchilar bahsida Shahzod Nurmatov hamda Sobirjon Safaraliyev bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Oltin va kumush medallari esa Xitoy hamda Hindiston jamoalariga nasib etdi.

Shuningdek, M2x dasturida ishtirok etgan Shahboz Xolmirzayev hamda Mehrojbek Mamatqulov juftligi kumush medalini qo‘lga kiritdi. Mazkur startda oltin medal Xitoy, bronza medali esa Indoneziyaga nasib etdi.

M2 dasturida qatnashgan akademik eshkak eshuvchilar Shehroz Hakimov hamda Dilshodjon Xudoyberdiyev marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tishdi va kumush medalni qo‘lga kiritishdi. Ushbu dasturda oltin medal Gonkong, bronza medali Hindiston jamoalariga nasib etdi.

Dzyudo

Halima Qurbonova dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosining ilk medaliga mualliflik qildi. U bronza medali uchun bahsda janubiy koreyalik Xekeong Liga qarshi tatamiga chiqishi kerak edi. Biroq raqib sportchi kurashmagani uchun Qurbonova to‘g‘ridan to‘g‘ri sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Osiyo o‘yinlaridagi O‘zbekiston uchun ilk oltin medalni dzyudo bo‘yicha Diyora Keldiyorova qo‘lga kiritdi. -52 kg vazn toifasida bahs olib borgan Keldiyorova BAA vakili Birshelt Xorlodoini mag‘lubiyatga uchratib, o‘z g‘alabalari orasiga Osiyo o‘yinlari chempionligini ham qo‘shib qo‘ydi.

Qilichbozlik

Dilnaz Murzatayeva Osiyo o‘yinlarida shohsupaga ko‘tarilgan birinchi o‘zbekistonlik qilichbozga aylandi. 17 yoshli sportchi yarim final jangida janubiy koreyalik Injeong Choiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va bronza medali bilan kifoyalandi.

Ma’lumot uchun Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari 2022-yilning sentabr oyida bo‘lib o‘tishi belgilangandi. Biroq koronavirusning yangi to‘lqini sababli o‘sha yilning 6-may kuni Toshkentda o‘tgan OOK Ijroiya qo‘mitasining 77-yig‘ilishida musobaqa 2023-yilning 23-sentabrdan 6-oktabrgacha bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.