Uzbekistan Airports boshqaruv kompaniyasi E-auksion.uz platformasida “Toshkent” xalqaro aeroportida taksi operatorlari uchun joy ijarasi uchun uchta lotni qayta joylashtirdi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Aeroportining umumiy uchib kelish zalida E-auksion.uz maydonchasiga taksi turar joylarini ijaraga olish uchun uchta lot qo‘yilgandi: xalqaro aeroportning umumiy zali, CIP-zal hamda mahalliy aviaqatnovlar terminalining qabul qilish zalida. Biroq birinchi auksionlar buyurtmachi tomonidan texnik shartlarga qo‘shimchalar va tushuntirishlar kiritilgani sababli o‘tkazilmagan.

Har uchala lot bo‘yicha savdolar 3-oktabr kuni E-auksion.uz saytida bo‘lib o‘tadi. Kim oshdi savdosida texnik topshiriqda ko‘rsatilgan talablarga javob beradigan barcha manfaatdor kompaniyalar ishtirok etishi mumkin.

Barcha lotlarda kompaniyalar rioya qilishlari kerak bo‘lgan batafsil texnik topshiriqlar mavjud. Xususan, ariza beruvchi kompaniya ishlab chiqarilganiga uch yildan ortiq bo‘lmagan, benzinda ishlaydigan yoki elektromobillar parkiga ega bo‘lishi kerak. Kompaniya o‘zbek, rus va ingliz tillarini boshlang‘ich bilimga ega bo‘lgan malakali haydovchilarni rasman ishga olishi shart.

Avtomobillar brendlangan bo‘lishi va haydovchilar maxsus forma kiyishlari kerak. Kompaniya yo‘lovchilar uchun naqd pul, mahalliy va xorijiy to‘lov tizimlarining bank kartalarini qabul qilish imkoniyatini taqdim etishi kerak bo‘ladi.