20-sentabr kuni Namangan viloyati Chust tumanida YTH ro‘y berib, oqibatda 5 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB matbuot kotibi “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, Namangan-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan DAF yuk mashinasi haydovchisi rulda uxlab qolib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va Damas va Labo avtomashinalari bilan to‘qnashgan.

Damas haydovchisi va 4 nafar yo‘lovchisi olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida halok bo‘lgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-modda (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan holda transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.