Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida ko‘p qavatli uylardan birining yo‘lagida 7 yoshli qizga uyatsiz harakatlar qilgan 55 yoshli erkak 18 yilga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari axborot xizmati xabar qildi.

Nima bo‘lgan edi?

7-iyun soat 17:00 da Mirzo Ulug‘bek tumanida (Musavvirlar bekati) begona erkak 7 yashar qiz orqasidan pod’ezdga kiradi. O‘sha uyda turadigan qiz shu uyning 1-qavatida turadigan dugonasining oldiga keladi.

Erkak qizni qo‘rqitib, ro‘paradagi eshik oldiga olib borib (ko‘cha eshigidan birov ko‘rib qolmasligi uchun), qizni o‘pib, intim joylarini ushlaydi va boshqa uyatsiz hatti-harakatlar qiladi. Erkakni ochilgan eshik uni qo‘rqitib yuboradi va joyni tark etadi. Vaziyatdan xabar topgan jabrlanuvchining ota-onasi darhol ichki ishlar organlariga murojaat qiladi.

9-iyun kuni Toshkent shahar IIBB gumonlanuvchi erkak ushlanganini ma’lum qildi.

Sud xukmi

2023-yil 20-sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida X.A.ga (1968-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, nafaqada, muqaddam Jinoyat kodeksining 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 1-qismi bilan sudlangan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining raisi Sh. Bakayev raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq X.A. Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni qattiq tartibli koloniyalarida o‘tashi belgilandi.