IIV JXD Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Transport vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi O‘zbekiston aholisini 22-sentabr — Butunjahon avtomobilsiz kuniga qo‘shilishga chaqirdi.

Shu kuni shaxsiy avtomashinalar o‘rniga atmosferaga kamroq zarar yetkazuvchi va salomatlik uchun foydaliroq transport turlaridan — velosiped va jamoat transportidan foydalanish, piyoda yurish taklif qilinmoqda.

O‘zbekistonda bu kun 2021-yildan buyon rasman nishonlanadi. Ushbu kunda shaxsiy avtomobillardan voz kechish tavsiyasi hukumatning 2022-yil noyabrdagi “Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan.

Biroq undan oldin ham mamlakat global aksiyada ishtirok etgan. 2019-yilda Toshkentda Yevropa mobillik haftaligi doirasida ilk bor Uchtepa tumanidagi bir necha kilometr ko‘chalar piyodalar hududiga aylantirildi.

2018-yildan hukumat qarori bilan O‘zbekistonda har juma “Yo‘l harakati xavfsizligi kuni” deb e’lon qilindi va “Avtomobilsiz kun” aksiyasi har oyda bir marta o‘tkazilishi belgilandi. Biroq mazkur aksiya asosan tavsiya darajasida qolmoqda.

Aholiga avtomobillarsiz ham shaharlar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatish uchun ko‘chalar yopiladimi yoki bu yil qandaydir tadbirlar rejalashtirilayotgani haqida rasman hech narsa e’lon qilingani yo‘q.

“Avtomobilsiz kun” O‘zbekistonda beshinchi bor e’lon qilingan Yevropa harakatlanish haftaligini yakunlaydi. Bu yil Yevropa Ittifoqining ushbu tashabbusi 40 dan ortiq mamlakatlarda, jumladan, boshqa qit’alarda 2600 dan ortiq shaharlarni qamrab oldi.