10−25-sentabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon merosi qo‘mitasining 45-yig‘ilishida O‘zbekiston ishtirokidagi “Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari” transchegaraviy tabiat obyekti YUNESKO Umumjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

“Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari” Umumjahon tabiiy merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritiluvchi O‘zbekiston qatnashgan ikkinchi obyekt hisoblanadi. 2016-yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ishtirokidagi “G‘arbiy Tyan-Shan” obyekti ham ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan. Biroq yangi obyekt ro‘yxatdagi mo‘’tadil cho‘llar toifasiga kiradigan birinchi obyekt hisoblanadi.

Hududning O‘zbekistonga doir qismi Orolbo‘yi mintaqasi va Ustyurt platosi hududlarida joylashgan 2 mln gektardan ortiq hududni egallagan. U bir-biriga chegaradosh beshta tarkibiy qism — Saygachi, Saygachi-Beleuli, Saygachi-Duana, Saygachi-Jideyli (barchasi Shimoliy Ustyurt klasteriga kiradi) hamda Janubiy Ustyurtdan iborat.

турон cho‘llari, умумжаҳон merosi, экология vazirligi, юнеско

“Bu ekotizim o‘zining noyobligiga qaramay, haligacha YUNESKOning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilmagandi. Bunday nominatsiyaning uch davlat tomonidan tayyorlanishi mintaqaviy hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi”, — dedi O‘zbekiston Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.

Transnominatsiya dosesi loyihasini ishlab chiqish 2020-yil boshida Markaziy Osiyo cho‘l tashabbusi (Central Asian Desert Initiative) loyihasi doirasida Ekologiya vazirligi ko‘magida Fanlar akademiyasi, Greifsvald universiteti (Germaniya), Maykl Sukkov jamg‘armasi (Germaniya), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda boshlangan.

Qozog‘iston va Turkmaniston bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu nomzodnomaning O‘zbekistonga tegishli qismi Ekologiya vazirligi tomonidan tayyorlangan.

турон cho‘llari, умумжаҳон merosi, экология vazirligi, юнеско

“Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari”ning YUNESKO ro‘yxatiga kiritilishi hududning 1972-yilgi Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi muhofazasida bo‘lishini taqozo etadi. Bundan tashqari, obyektlarni samarali boshqarish, ulardagi flora va faunani saqlash va ilgari surish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, tatbiq qilish borasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga keng yo‘l ochadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur yig‘ilishda Buyuk ipak yo‘lining O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistondagi 31 ta obyektidan iborat Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgandi.