2024-yil 1-iyundan yangi raqamli xizmatlar va servislar, qoida tariqasida, birinchi navbatda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz`ning mobil ilovasida joriy etiladi. Bu haqda prezidentning 14-sentabrdagi qarorida so‘z boradi, deya xabar berdi Adliya vazirligi.

Unda keltirilishicha, 2024-yil yakunigacha:

  • Yagona portalda ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni 700 taga, ularning avtomatlashganlik darajasi 65 foizga yetkaziladi;
  • Yagona portalda joriy etilgan raqamli xizmatlar va servislarning kamida 75 foizi mobil ilova orqali ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, quyidagi maxsus portallar ishga tushiriladi:

  • 2024-yil 1-yanvardan raqamli hukumat tizimi hamda uning aholi va tadbirkorlarga taqdim etadigan imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot beruvchi;
  • 1-iyundan respublika hududidagi yashil hudud, bog‘ va jamoat parklari haqida axborot beruvchi;
  • 1-sentabrdan Toshkent shahrida jamoat transporti harakati haqida axborot beruvchi.

Shuningdek, shoshilinch tezkor xizmatlar bo‘yicha aholining chaqiruvlarini qabul qilish va ularni tezkor ravishda qayta ishlash bo‘yicha “112” yagona markazlashgan dispetcherlik xizmati faoliyatini respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

2023-yil 1-noyabrdan “oxirgi milya” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan hamkorlikda aholi xonadonlariga keng polosali Internet tarmoqlarini olib borishga qaratilgan hamkorlik dasturi amalga oshiriladi. Yil yakunigacha magistral telekommunikatsiya tarmog‘i va aholi yashash maskanlarida qo‘shimcha 50 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari quriladi.