Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (Organisation for Economic Co-operation and Development) 2023 va 2024-yillarda jahon yalpi ichki mahsulot o‘sishi o‘rtacha darajadan past, mos ravishda 3 foiz hamda 2,7 foiz bo‘lishini prognoz qilmoqda. Bu haqda tashkilotning yangi hisobotida aytiladi.

“Energiya narxlarining pasayishi va Xitoyning „ochilishi“ ta’sirida 2023-yilning kutilganidan kuchliroq boshlanishidan so‘ng global o‘sish sekinlashishi kutilmoqda. Pul-kredit siyosati keskinlashuvining ta’siri borgan sari sezilarli tus olmoqda, biznes va iste’molchilar ishonchi pasaydi, Xitoyning iqtisodiy tiklanishi esa boshi berk ko‘chaga kirib qoldi”, — deyiladi hisobotda.

IHRT joriy va keyingi yilda inflyatsiya asta-sekin pasayishini, biroq aksariyat mamlakatlarda markaziy banklarning maqsadli ko‘rsatkichlaridan yuqoriroq bo‘lib qolishini kutmoqda.

“Foiz stavkalari bundan keyin ko‘tarilmagan taqdirda ham, avvalgi ko‘tarishlarning ta’siri bir muncha vaqt iqtisodiyotda aks etishda davom etadi, chunki mavjud ipoteka kreditlari bo‘yicha stavkalar korrektirovka qilinadi yoki korporativ kreditlar muddati uzaytiriladi”, — deyiladi hisobotda.

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, AQSh yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 2023-yilda 2,2 foizga, 2024-yilda esa 1,3 foizga sekinlashishi kutilmoqda.

Yevrozonada o‘sish 2024-yilda 2023-yildagi 0,6 foizdan 1,1 foizgacha tezlashishi kutilmoqda, biroq ikkala ko‘rsatkich ham oldingi prognozlardan pastroq, chunki Yevropa Ittifoqining eng yirik iqtisodiyoti Germaniya qiyinchiliklarga uchramoqda.

Xitoyning iqtisodiy o‘sishini zaif ichki talab va mulk bozorlaridagi “tarkibiy stresslar” cheklaydi. IHRT Xitoy yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati 2023-yilda 5,1 foizgacha, 2024-yilda esa 4,6 foizgacha pasayishini prognoz qilmoqda.