Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining 19-sentabrdagi sessiyasida ayrim xarajatlarni mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Hujjat E-Qaror portalida e’lon qilindi.

Deputatlar tomonidan 2023-yilda poytaxtda mavsumiy gullar ekish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 6,2 milliard so‘m, gul ko‘chatlari ekish uchun tuman obodonlashtirish bo‘limlariga yana 5,8 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi ma’qullandi.

Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan boshqarmalar tomonidan, avtotransport vositalari va ishchi xodimlari bilan tasarrufidagi obodonlashtirish obyektlarini saqlash, mexanik usulda va qo‘l kuchi bilan tozalash, suv sepish, kuz mavsumida xazonrezgi davrida ko‘chalarni tozalash, qish mavsumida qum-tuz qorishmasini sepish, qor uyumlaridan tozalash, ularni olib chiqib ketish, ko‘kalamzorlashtirish hamda obodonlashtirish ishlari va ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun hamda yonilg‘i mahsulotlar narxlari ko‘tarilganini inobatga olib 3,7 milliard so‘m ajratildi.

Yunusobod tumanidagi “Obod” va “Yunusobod” mahallalari hududini obodonlashtirish, muhandislik tarmoqlarini va ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha “Obod” mahalla hududini obodonlashtirish, muhandislik tarmoqlarini va ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tanlov (tender) savdolarini o‘tkazish uchun 1,49 mlrd so‘m hamda “Yunusobod” mahalla hududini obodonlashtirish, muhandislik tarmoqlarini va ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun yana 210 million so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

O‘tgan yilning sentabr oyida deputatlar poytaxtda ekish uchun nafaqat gullar, balki daraxt va butalar sotib olish maqsadida 15 milliard so‘m ajratishni ma’qullagan edi. Taqqoslash uchun: ayni paytda deputatlar Sergeli tumanida 100 o‘rinli bolalar kutubxonasini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 1 milliard so‘m ajratgan edi.

Ta’kidlash kerakki, Open Budget portalida fuqarolar va tashkilotlarning maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi tashabbuslari e’lon qilinadi. Masalan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining jarrohlik bo‘limida xodimlar va bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida 10 qavatli binoga yuk ko‘tarish quvvati 1500 kg bo‘lgan ikkita lift so‘ragan. Ovoz berishdan keyin bu tashabbus g‘alaba qozondi. 18 turdagi tibbiy asbob-uskunalar sotib olish uchun ovoz berishda Toshkent shahar o‘smirlar dispanseri ham ishtirok etdi. Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 123-maktabning tomi ta’mirlanishi kerak, biroq tashabbus g‘alaba qozonish uchun yetarli ovoz ololmadi.

Toshkent shahridan jami 2500 dan ortiq tashabbuslar ovoz berish bosqichiga o‘tgan bo‘lsada, ulardan faqatgina 98 tasi g‘alaba qozongan, ya’ni fuqarolarning 2400 ga yaqin muammosi hamon o‘z yechimini topmagan.