19-sentabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh rahbarlarining “S5+1” formatidagi birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh prezidenti Jo Baydenning taklifiga binoan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston yetakchisi Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston rahbari Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdi. Shuningdek, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ham sammitda qatnashdi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, prezidentlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, “yashil” rivojlanish, energetik xavfsizlikni ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, terrorizmga va transchegaraviy jinoyatlarga qarshi kurashish masalalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Oq uy matbuot xizmati bayonotida aytilishcha, sammitda, shuningdek, “barcha mamlakatlar suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish zarurati” hamda “boshqaruvni va qonun ustuvorligini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar” muhokama qilingan.

Foto: Oq uyFoto: Oq uy

O‘zbekiston prezidenti “Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, o‘zaro anglashuv va sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani, bu keng hamkorlik uchun yangi va noyob imkoniyatlar yaratayotganini yuksak baholadi”, — deyiladi uning matbuot xizmati xabarida.

Shavkat Mirziyoyev savdo-investitsiyaviy faoliyatni kuchaytirish, loyihaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mintaqada transport yo‘laklarini rivojlantirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish, inson huquqlari va gender tenglikni ta’minlash, ta’lim dasturlarini kengaytirish, Afg‘onistondagi vaziyatning tinch yo‘l bilan hal etilishiga ko‘maklashish kabi butun mintaqa rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi, deyiladi xabarda.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiFoto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

“Prezident Bayden hamkasblarining mamlakatlarimiz Markaziy Osiyoning suvereniteti, barqarorligi va farovonligini yanada mustahkamlash, „S5+1“ hamkorligimiz orqali inson huquqlarini ilgari surish yo‘lida qanday hamkorlik qilishlari mumkinligi haqidagi fikrlarini mamnuniyat bilan qabul qildi”, — deya qayd etdi AQSh prezidenti ma’muriyati.

U Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlariga “mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha sheriklik munosabatlari uchun minnatdorlik bildirdi va chegara xavfsizligi, terrorizmga qarshi kurash hamda huquqni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish tarafdori ekanini qayd etdi”.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiFoto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

“Men buni tarixiy lahza deb bilaman”, — deya qayd etdi Jo Bayden. “Biz Markaziy Osiyo va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi uzoq yillik yaqin hamkorlikni mustahkamlayapmiz — bu hamkorlik suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlikka bo‘lgan umumiy sadoqatimizga asoslangan. Menimcha, bu tamoyillar har qachongidan ham muhimroq. Va bugun biz hamkorligimizni yangi cho‘qqilarga ko‘taryapmiz”.

AQSh takliflari

Amerika tomoni “AQSh xususiy sektori savdosi va investitsiyasi uchun yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish muhimligi” masalasini ko‘tardi va shu maqsadda “C5+1” diplomatik platformasini to‘ldiradigan xususiy sektor — Biznes platformasini yaratishni taklif qildi.

Bundan tashqari, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) oktabr oyida “C5+1” dasturi doirasida Markaziy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha mintaqaviy vazirlar konferensiyasi o‘tkazishni ma’lum qilindi. Uning maqsadi — “inklyuziv va barqaror iqtisodiy rivojlanishga ta’sir qiladigan aniq chora-tadbirlarni muhokama qilish”.

Qo‘shma Shtatlar tomoni, shuningdek, “kelajakdagi energiya landshaftini qo‘llab-quvvatlash uchun mustahkam va xavfsiz ta’minot zanjirlarini” ta’minlash maqsadida hamkorlik qilish muhimligini ta’kidladi. Ular Markaziy Osiyodagi mineral resurslarni o‘zlashtirish va muhim foydali qazilmalar xavfsizligini mustahkamlash uchun “C5+1” doirasida “Muhim minerallar bo‘yicha muloqot”ni ishga tushirishni taklif qildi.

“Ushbu sa’y-harakatlar AQSh tomonidan investitsiyalarni ko‘paytirish va Transkaspiy savdo yo‘lini („O‘rta yo‘lak“) Global infratuzilma va sarmoyaviy sheriklik orqali rivojlantirish bo‘yicha davom etayotgan qo‘llab-quvvatlashning bir qismidir, bu mintaqaviy iqtisodiy integratsiya va barqarorlikka hissa qo‘shadi”, — deyiladi Oq uy xabarida.

Jo Bayden, shuningdek, “fuqarolik jamiyati bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlash va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini va huquqlarini kengaytirish bo‘yicha harakatlar tarafdori ekanini bildirdi va „S5+1“ doirasida e’tiborni nogironligi bor shaxslarning huquqlarini barcha sohalarda ilgari surishga chaqirdi”, deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, AQSh prezidenti uning mamlakati Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash uchun moliyalashtirish miqdorini oshirishini ta’kidladi.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiFoto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

“S5+1” formatidagi muloqot sakkiz yil avval Samarqandda tashkil etilgan. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida ta’kidlanishicha, u o‘tgan yillar davomida “Ochiq va konstruktiv muloqot, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh o‘rtasidagi barcha sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun kerakli platformaga aylandi”.

Muloqot yakunida AQSh prezidenti hamkasblariga “samarali suhbat” uchun minnatdorchilik bildirdi. “Kelajakda yanada ko‘proq ishlarni amalga oshirish uchun barchangiz bilan hamkorlik qilish imkoniyati bo‘lishini kutaman. Bu uchrashuvning davomini chin dildan kutaman, chunki biz birgalikda kuchliroqmiz va agar biz birga bo‘lsak, dunyo xavfsizroq bo‘lishiga chin dildan ishonaman”.

Jo Bayden yaqin orada Markaziy Osiyo mamlakatlaridan birida uchrashishga umid qilishini bildirdi.