20-sentabr kuni Respublika tez tibbiy yordam markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Surxondaryo va Sirdaryo viloyat filiallariga 100 ta Volkswagen Caddy tez tibbiy yordam mashinalari yetkazib berish boshlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yil yakuniga qadar yana 500 dan ortiq ana shunday transport vositalari hududlarga yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Yanvar oyida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 110 ta Volkswagen Caddy tez tibbiy yordam mashinalari Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparkiga berildi. Fevral oyida Jizzakh Auto tomonidan yig‘ilgan bu turdagi avtomobillarning 117 donadan iborat navbatdagi partiyasi hududlarga taqdim etildi.

Avgust oyida A toifali 50 ta Volkswagen Caddy Qashqadaryo va Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmalari tizimidagi “103” shoxobchalariga topshirildi.

Ushbu mashina mutlaqo yangi MQB platformasida ishlaydi. Ular 1,6 MPI atmosferali motor bilan jihozlangan, 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi va 110 ot kuchiga ega. 100 kilometr masofaga avtomobil aralash siklda kam yonilg‘i sarflaydi. Tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bu avtotransport vositalari xalqaro talablarga to‘la mos, uning ichki qismi bemor va tibbiy xodimlarning qulay joylashishi imkonini beradi.

Qolaversa, ular shahar ichida harakatlanish bo‘yicha yuqori texnik ko‘rsatkichlarga ega, o‘tuvchanligi, ishonchliligi hamda tejamkorligi bilan ajralib turadi. Eng muhimi, bu avtomobillarda harakatni to‘xtatmay turib ham bemorga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish mumkin, deyiladi xabarda.