18-sentabr kuni UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Cobalt, Lacetti, Damas va Labo mashinalari uchun kontraktatsiyani ochgani xabar qilingandi. Oradan 3 soatdan kamroq vaqt o‘tib kompaniya avtomobillarining qo‘shimcha partiyasi uchun to‘liq shartnoma tuzib bo‘linganini ma’lum qildi.

Kontraktatsiya ochilgan vaqt davomida ushbu avtomobil modellarini xarid qilish uchun 28 000 dan ortiq shartnoma imzolandi.

Dastlabki xabarda kompaniya ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida barcha mavjud ranglardagi Cobalt, Lacetti, Damas va Labo avtomobillarining qo‘shimcha partiyasini ishlab chiqarish va sotish imkoniyatlarini ishlab chiqqani qayd etilgandi.

“Avtomobillar uchun shartnomani Chevrolet`ning vakolatli dilerlik markazlarida tuzish mumkin. Ularning soni esa cheklangan”, — deyilgandi xabarda.

“Agar bir shaxs nomiga yiliga bir xil model uchun 2 tadan ortiq avtomobil xarid qilinsa, kompaniya shartnomaning 3.1.2 bandiga asosan avtomobillarni yetkazib berish muddati uzaytiradi. Shu munosabat bilan xaridorlardan shartnomani imzolashdan oldin uning barcha bandlari bilan to‘liq tanishib chiqishlarini iltimos qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 4-avgust kuni soat 17:30 da kompaniya avtomobillar uchun shartnomalar chiqarish qayta tiklangani va yangi konfiguratsiyalar joriy etilganini, 5-avgust kuni soat 15:57 da esa 2023-yil uchun qo‘shimcha partiyaga to‘liq shartnoma tuzilganini ma’lum qilgandi.

Oradan vaqt o‘tib, UzAuto Motors yil oxirigacha 50 mingdan ortiq avtomobil egalariga topshirilishini qayd etgan. Kompaniya, shuningdek, 2024-yildan avtomobillar shartnoma tuzilgan kundan boshlab uch oy ichida yetkazib berilishi va’da qilgan.