19-sentabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasida jinoiy va ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga davlatning dunyoviyligini mustahkamlovchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasining dastlabki muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi. “Gazeta.uz” Qonunchilik palatasi ushbu qonunni sentabr boshida qabul qilganini yozgan edi.

Muhokama chog‘ida so‘nggi paytlarda mamlakatimizda diniy soha vakillari tomonidan qonuniy nikoh bo‘lmasa ham nikoh tuzishga doir diniy marosimlarni amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. “Bu o‘z-o‘zidan ijtimoiy muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda”, — deyiladi xabarda.

Qo‘mita, shuningdek, ayrim diniy blogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda dunyoviy va diniy hayot tarzini olib boruvchi jamiyat vakillari orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan, faqat o‘zining diniy qarashlarini ifodalovchi va diniy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan chiqishlar ko‘payib borayotganini qayd etdi.

Tuzatishlarda milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik, ko‘p xotinli bo‘lishni targ‘ib qilganlik, jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilganlik uchun tegishli javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik hamda fuqarolarni milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab kamsitganlik hamda diniy tashkilot tomonidan o‘zining ustavida nazarda tutilmagan faoliyat bilan shug‘ullanganlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun bilan fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurganlik uchun belgilangan ma’muriy javobgarlik bekor qilinmoqda (istisno — yuzni tibbiy ko‘rsatmalar asosida yoki transport vositasida xavfsizlikni ta’minlash uchun maxsus bosh kiyimlar, shuningdek, mehnat va xizmat faoliyatini amalga oshirishda yoki sport va madaniy tadbirlar bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar hamda qonun bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ruxsat etilgan hollar).

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning eski tahririda nazarda tutilgan fuqarolarning jamoat joylarida diniy (namoz) libosida ko‘rinishi uchun javobgarlik ham chiqarib tashlandi.

Senat matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, diniy (namoz o‘qiladigan) libos kiyish taqiqlanmaydi, lekin yuzni berkitib turuvchi bosh kiyim va sharf o‘rash (shaxsni aniqlashning imkoni bo‘lmagan darajada) javobgarlikka sabab bo‘ladi.

“Muhokamalar jarayonida ushbu Qonunning qabul qilinishi natijasida jamiyatda millatlararo totuvlikni, diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga, dunyoviy qadriyatlarni saqlab qolishga hamda xotin-qizlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga erishilishi qayd etildi”, — deyiladi xabarda.