Ijtimoiy tarmoqlarda patrul-post xizmati xodimi ayolni mashinaga majburlab o‘tirg‘izgani, jarayon davomida uni tepgani aks etgan video tarqaldi.

Videoda 2 nafar PPX xodimi va farzandli ayolni ko‘rish mumkin. Xodimlardan biri bolani qo‘liga olgan bo‘lsa, yana biri ayolni mashinaga o‘tirishga majburlagan. Voqea esa Farg‘ona shahrida bo‘lgani aytilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov voqea yuzasidan dastlabki ma’lumotni taqdim etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda go‘daklar va voyaga yetmagan bolalar ishtirokida ularning ota-onalari va qarindoshlari tomonidan yo‘llarda, bozorlarda va boshqa joylarda tilanchilik qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlar olib borilmoqda.

“Katta ehtimol bilan, videoda ko‘ringan ayol bolasi bilan yo‘lda tilanchilik qilayotgani uchun olib ketilgan. Albatta, bu qo‘pol munosabatni oqlab bo‘lmaydi, qonuniy choralar ko‘riladi”, — deydi G‘iyosov.