Gaz quyish shoxobchalarida eng yuqori narxga cheklov kiritilishi taqchillikka olib kelmasligi kerak, deya ma’lum qildi O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida.

Hukumat 15-sentabrdagi qarori bilan gaz tariflari oshirilgandan so‘ng avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shaxobchalarida (AGTKSH) narxlarning keskin oshishini cheklash choralarini tasdiqladi.

Hujjatda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, Bosh prokuratura, DXX, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi hamda O‘zneftgazinspeksiyaga AGTKSHlarda gazni hisobga olish uskunalari to‘liq avtomatlashtirilgan nazorat tizimiga ulanishi hamda ma’lumotlar onlay rejimda aks etib turishi uchun qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Shuningdek, ular noqonuniy ulanishlar, yoqilg‘i-energetika resurslarini o‘g‘irlash va noqonuniy iste’mol qilishning boshqa holatlarini, ularning yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha nazorat chora-tadbirlarini kuchaytirishlari kerak bo‘ladi.

Yanada aniqrog‘i, keyingi olti oy davomida gaz quyish shoxobchalarida tabiiy gazning maksimal chakana narxi bir kubometr uchun 3250 so‘mdan oshmasligini ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rildi.

Tizimga hisobga olish uskunalari ulanmagan va ma’lumotlarni onlayn tarzda uzatmayotgan, chegaralangan chakana narxlarni asossiz oshirgan, yoqilg‘i-energetika resurslarini noqonuniy iste’mol qilgan yoqilg‘i quyish shoxobchalari gaz olmaydi.

Energetika vazirining aytishicha, 3250 so‘mlik cheklangan narx Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi birgalikda narxlar tahlili asosida belgilangan.

Bu qay darajada bozor chorasi degan savolga javob berar ekan, Jo‘rabek Mirzamaxmudov “bu barcha gaz quyish shoxobchalariga o‘z investitsiyalari daromadini ta’minlash imkonini beradigan daraja”, deya ta’kidladi.

“Ikkinchidan, ular aslida o‘z investitsiyalarini qaytarib olishgan. Chunki men tartibga soluvchi sifatida shuni aytishim mumkinki, keyingi bir-ikki yil ichida deyarli birorta ham yangi yoqilg‘i quyish shoxobchasi qurilmagan yoki ishga tushirilmagan. Ya’ni, barchasi [AGTKSH] avval qurilgan yoqilg‘i quyish shoxobchalari bo‘lib, ular foydasini chiqargan va [investitsiyalarini] qaytargan. Shuning uchun ular tegishli rentabellik ta’minlanmaydi, deyishsa, biz bunga qo‘shilmaymiz. Buni tahlil qilishimiz, barchaga raqamlarni aniq ko‘rsatishimiz, qismlarga ajratishimiz, isbotlashimiz mumkin”, — dedi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, tavsiya etilgan narxlarda yoqilg‘i quyish shoxobchalarining rentabellik darajasi kamida 10 foizni tashkil qiladi. Narx cheklovlari iste’molchilarga — aholiga va transportdan foydalanadigan har bir kishiga nisbatan “ijtimoiy adolat” uchun joriy etilgan.

“Bu boshqa narxlarga ta’sir qilmasligi uchun, sun’iy o‘sish bo‘lmasligi uchun. Bilasizmi, aholining birlamchi ehtiyojlari bo‘yicha, insof bilan ishlashlari uchun degan bo‘lardim. Menimcha, kamida 10% rentabellik bularning barchasiga imkon beradi. Savol tug‘iladi — nega endi kichik [kapital] investitsiyalar bilan rentabellikka ega, avvallari bundan ham yuqori bo‘lgan — 10% dan 20% gacha, hatto 30−40% olisharkan? Nima uchun ular bunday rentabellik bilan ishlashlari kerak, boshqalar — deylik taksi haydovchilari — nima uchun o‘z xarajatlarini oshirishlari kerak ekan?” — degan savolni o‘rtaga tashladi u.

Energetika vazirligi rahbari, shuningdek, tog‘-kon va qayta ishlash korxonalari, energiya resurslarini tashuvchi kompaniyalar zarar yoki minimal rentabellik bilan ishlayotganini ta’kidladi. “Ular minimal rentabellik bilan ishlaydi va shunchaki ushbu resursni sotadiganlar. Ha, ular tadbirkor, tushunamiz, lekin vijdon bo‘lishi kerak”, — dedi vazir.

Jo‘rabek Mirzamaxmudov nima uchun gaz quyish shoxobchalarida gaz taqchilligi bo‘lishini kutmasligini tushuntirdi.

“Agar kimdir buni sun’iy ravishda qilsa, biz shunga yarasha munosabat bildiramiz. Bizda litsenziya shartnomasi bor, ular ma’lum bir tartib, rejimga rioya qilishlari kerak. Agar ular yopilsa, bu ularning zarariga bo‘ladi. Bu ularning foyda keltirmasligini anglatadi. Biz kafolatlangan hajmlarni beramiz, ular esa ularning rentabelligini ta’minlaydi”, — dedi u.

Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida narxlar qanday aniqlanadi?

Vazirning ta’kidlashicha, gaz quyish shoxobchalarida narxlarni belgilashda aksiz, yer, mulk solig‘i, QQS, daromad solig‘i, suv, amortizatsiya, ekspluatatsiya, xodimlarning ish haqi, yagona ijtimoiy to‘lov, elektr energiyasi, moylar, bank xarajatlari va boshqalar hisobga olinadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gaz quyish shoxobchalarining sof foydasi 2800 so‘mdan sotilayotgan 1 kubometr gazdan 200−221 so‘mni tashkil etmoqda.

O‘zbekistondagi gaz quyish shoxobchalari ta’sischilaridan biri ismini oshkor qilmaslik sharti bilan “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, davlat ularni 1 foizlik rentabellik bilan ishlashga majbur qilishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, ushbu sohada yirik gaz o‘g‘riligi sodir bo‘lmoqda — asosan “davlat amaldorlariga yaqin bo‘lgan yoqilg‘i quyish shoxobchalarida o‘g‘rilanadi”.

“Hozir bizda onlayn buxgalteriya tizimi mavjud, lekin ular hisoblagichni yoqmaydi. Ularni bog‘lashga harakat qilsin-chi”, — dedi u.

Gaz narxini shakllantirish bo‘yicha hisob-kitoblar (QQSsiz)Gaz narxini shakllantirish bo‘yicha hisob-kitoblar (QQSsiz)

Tadbirkor hozirda gaz quyish shoxobchasida gazni 3000 so‘mdan sotayotgani va yetkazib berish hajmi oyiga 250 ming kubometr bo‘lsa, har bir kubometridan 411 so‘m foyda ko‘rayotganini ta’kidladi. 1-oktabrdan gaz (1000 so‘mdan 1500 so‘mga) va elektr energiyasi (450 so‘mdan 900 so‘mga) oshirilgach, foyda 50−100 so‘mgacha tushishini kutmoqda. “Bunday narxlar bilan ishlash imkonsiz bo‘lishi mumkin”, dedi u.

AGTKSH rahbarining fikricha, gaz quyish shoxobchalari benzin sotishga o‘tishlari foydali bo‘ladi, bu yerda rentabellik bir litr uchun o‘rtacha 300 so‘mni tashkil etadi, biroq uzbu holatda davlat benzin importi uchun ko‘proq xorijiy valyuta sarflaydi.

“Gaz va benzinni import qilish uchun qancha valyuta sarflanayotganini hisoblab chiqishsin. Hozir benzin gazdan 2−3 barobar qimmat. Valyuta ham import gazini sotib olganidan 3 barobar ko‘p sarflanadi. Gaz quyish shoxobchalarida yoqilg‘i quyish shoxobchalariga qaraganda ko‘proq odam ishlaydi. Gaz quyish shoxobchalari ko‘proq soliq to‘laydi”, — deydi tadbirkor.

Avvalroq energetika vaziri ba’zi gaz quyish shoxobchalarining imtiyozli narxlari haqidagi savolga javob berar ekan, davlat yetkazib beruvchilar gaz quyish shoxobchalariga gazni yagona narxda sotayotganini aytgan edi.