Markaziy bank tomonidan ko‘rilayotgan komlayens-nazorat chora-tadbirlarining asosiy maqsadi O‘zbekistondagi banklar va tadbirkorlik subyektlari sanksiyalar bo‘yicha cheklovlarga uchrashining oldini olish hisoblanadi. Bu haqda MB raisi Mamarizo Nurmuratov shanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab geosiyosiy inqiroz sharoitida banklarning valyuta operatsiyalariga bo‘lgan talabi oshdi, shu sababli hamma joyda komplayens-nazoratni joriy etish talab etilmoqda. Xulosalari asosida mijozlarga valyuta sotish ma’qullanadigan ekspert guruhlari O‘zbekistonda anchadan beri bor. Ular to‘lovlar komplayensga to‘g‘ri kelishini tekshiradi, “bunday guruhlar dunyoning barcha joyida bor”, dedi u.

Markaziy bank rahbari yettita bankda (jumladan, 5 ta davlat) valyutani ikkilamchi hisobvaraqlar orqali konvertatsiya qilish operatsiyalari 8,9−9 foizdan 24 foizga oshganini ma’lum qildi. Bunday operatsiyalar orasida 5−6 yil avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha xorijiy valyutadagi to‘lovlar ham kuzatilgan. Regulyator chet el valyutasi import qilinadigan tovarlar doirasida ikkilamchi hisobvaraqlar orqali noqonuniy ravishda olib chiqib ketilishi mumkinligidan xavotirda. Bank nazorati qo‘mitasining yig‘ilishida valyuta operatsiyalari bo‘yicha qaror ana shu muammoni inobatga olgan holda qabul qilingan.

Sanksiyalar bo‘yicha komplayens — kompaniya yoki bankning sanksiya cheklovlarini buzish xavfini kamaytirish uchun zarur bo‘lgan ichki me’yor va qoidalar tizimi.

Mamarizo Nurmuratov O‘zbekiston Rossiyaga qarshi sanksiya rejimini buzishi mumkin bo‘lgan 15 davlat ro‘yxatiga kiritilganini, shu sababli choralar komplayens-nazoratni kuchaytirishga qaratilganini ta’kidladi.

“Asosiy maqsadimiz — ertaga biznes subyektlari valyuta operatsiyalari va o‘tkazmalari yuzasidan sanksiyalar bo‘yicha komplayens-cheklovlarga uchrab qolmasin. Ya’ni maqsadimiz — valyuta o‘tkazmalaridagi cheklovlarning oldini olish. Chunki shunday holatlar sodir bo‘lyaptiki, subyekt pul o‘tkazadi, lekin bank chet ellik hamkorga to‘lovni ikki yoki uch oy davomida tushirib bermaydi. Biz o‘rgangan vaqtimizda esa mahalliy bank to‘lovni amalga oshirgani, ammo xorijiy bankda shubhalar uyg‘ongani ma’lum bo‘lmoqda”, — dedi u.

Armaniston, Gruziya va Qozog‘istonga nisbatan O‘zbekistonda bunday holatlar kamroq uchramoqda, dedi Mamarizo Nurmuratov.

“Maqsadimiz bunday muammolar yuzaga kelishining oldini olishdir. Buni o‘z-o‘zini maqtash deb qabul qilmang, lekin pandemiya davrida, keyin esa global inqiroz davrida ko‘plab mamlakatlar, shu jumladan, qo‘shnilarimizda ham naqd pul tanqisligi kuzatildi. Ba’zilarida hali ham bor. Bizda esa shart-sharoit mavjud… Bu Markaziy bankni maqtash emas, komplayens-nazoratni yaxshilashimiz Federal rezerv bankining ham [Nyu-Yorkniki, O‘zbekistonni naqd dollar bilan ta’minlaydi], boshqalarning ham bizga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Shu orqali banklarimiz doimo naqd valyuta zaxirasiga ega bo‘lib turadi”, — dedi Markaziy bank rahbari.

Mamarizo Nurmuratov Markaziy bank Bank nazorati qo‘mitasining juma kuni qabul qilingan va shanba kuni bekor qilingan qarorida banklarga mijozlarni nazorat qilish va sanksiya risklarini kamaytirish choralarini ko‘rish topshirilgani, valyuta cheklovlari haqida gapirilmaganini ta’kidladi.