AQSh O‘zbekistonda tug‘ilgan ikki rossiyalik shaxsga nisbatan sanksiyalarni joriy etdi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligining xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) xabarida aytilgan.

“Qora” ro‘yxatga Buxoro viloyatida tug‘ilgan rossiyalik milliarder Iskandar Maxmudov va uning o‘g‘li Jahongir Maxmudov kiritilgan. OFAC ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda ro‘yxatdan o‘tgan “Ural kon-metallurgiya kompaniyasi” (UKMK) tashkil qilgan va unga egalik qiluvchi tadbirkor Rossiyaning boshqa metallurgiya va tog‘-kon kompaniyalariga ham egalik qiladi yoki direktorlar kengashida ishlaydi, shuningdek, Rossiyaning bir nechta moliyaviy xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalariga egalik qiladi. Bundan tashqari, Maxmudovning “Rossiya uyushgan jinoyatchiligi bilan aloqasi bor”, deyiladi xabarda. Ilgari u Yangi Zelandiya va Buyuk Britaniyaning sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgandi.

Jahongir Maxmudov UKMK vakili bo‘lib, ilgari Rossiyadagi rux zavodida ishlagan. Shuningdek, u ham Yangi Zelandiya va Buyuk Britaniya tomonidan sanksiyalarga duchor bo‘lgan.

“Lenta.ru” ma’lumotlariga ko‘ra, Maxmudov Toshkent davlat universitetining sharqshunoslik fakulteti arab tili yo‘nalishini tamomlagan. 1984−1986-yillarda Liviyada sovet harbiy maslahatchilari va mutaxassislari guruhining tarjimoni, 1986−1988-yillarda Iroq bosh shtabi harbiy obyektlari qurilishi boshqarmasida ishlagan. Birinchi tijoriy tajribasini O‘zbekiston uchun milliy kvotalar bo‘yicha tovarlar xarid qilish bilan shug‘ullanuvchi “O‘zbekintorg” davlat tashqi savdo tashkilotida ishlagan.

Keyinchalik Maxmudov Rossiyaga ko‘chib o‘tib, Gay kon-boyitish kombinatiga boshchilik qilgan. 2002-yildan boshlab “Ural kon-metallurgiya kompaniyasi”ni boshqargan, hozirda u Rossiyadagi mis, rux, ko‘mir va qimmatbaho metallarning eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi.

2022-yil mart oyida Iskandar Maxmudov va uning sherigi Andrey Bokarev UKMK, “Kuzbassrazrezugol” ko‘mir kompaniyasi, “Vostochniy port” AJ va “Rosterminalugol” AJning nazorat qiluvchi benefitsiarlari bo‘lishni to‘xtatdi, shuningdek, ushbu kompaniyalarning direktorlar kengashidan chiqdi. Keyinchalik Forbes O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li Doniyor Kamilov UKMKning yangi benefitsiar egasi bo‘lganini ma’lum qilgan. Kompaniya iyul oyidan beri AQSh sanksiyalari ostida turibdi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan yana bir shaxs — 1966-yilda Toshkentda tug‘ilgan Rossiya fuqarosi Andrey Xoxlun.

U, OFAC ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy yarimo‘tkazgich texnologiyalarini Rossiya mikroelektronika ishlab chiqaruvchi korxonalariga, shu jumladan, Rossiya mudofaa kompleksini mikroelektronika bilan ta’minlaydigan korxonalarga o‘tkazishga ixtisoslashgan “Mikrotex” kompaniyasining asoschisi va bosh direktori hisoblanadi.

Ushbu kompaniya iyul oyidan beri sanksiyalar ostida qolmoqda. “Qora” ro‘yxatga uning yana ikkita kompaniyasi — Rossiyaning “Keko R” va Sloveniyaning Arktec kompaniyalari kiritilgan.