G‘arbiy Afrikada joylashgan Nigeriya mamlakatida elektrostansiyada yong‘in yuz berishi ortidan barcha hududlar elektr ta’minotidan 10 soatga uzilib qoldi, deb xabar bermoqda Al Jazeera. Bu vaqt oralig‘ida 200 milliondan ortiq odam elektrsiz qolib ketgan.

Avariya barcha — 36 ta shtat va Nigeriya poytaxti Abujaga ta’sir ko‘rsatdi. Mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish dastlab nolga tushib, keyin 237 MVtgacha ko‘tarildi, kunlik o‘rtacha 4100 MVtni tashkil etadi.

Nigeriya janubi-sharqini elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan Enugu elektr taqsimlash kompaniyasi hodisani “tizimning butunlay ishdan chiqishi” deb atadi. Keyinroq mamlakat energetika vaziri ulanishlarning yarmidan ko‘pi ishlayotganini, qolganlari esa “imkon qadar tezroq” to‘liq tiklanishini aytdi.

The Guardian milliy gazetasining yozishicha, tizimning qulashiga milliy elektr tarmog‘iga mas’ul bo‘lgan Transmission Company of Nigeria (TCN) tomonidan “noto‘g‘ri boshqaruv” sabab bo‘lgan. Nashrning ta’kidlashicha, so‘nggi 10 yil ichida TCNga 7,5 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritilgan, biroq tizim xususiylashtirishdan oldingi amaliyotlar, korrupsiya, infratuzilma muammolari va boshqa kamchiliklardan aziyat chekishda davom etmoqda.

Nigeriya eng yirik neft va gaz ishlab chiqaruvchisi, ammo mamlakatning elektr ta’minoti beqaror, deya qayd etadi Al Jazeera. Mamlakatning o‘rnatilgan quvvati 12,5 ming MVtni tashkil etadi, biroq bu ko‘rsatkichning chorak qismini ishlab chiqaradi. Energiyaning asosiy qismi issiqlik va gidroelektrostansiyalarda ishlab chiqariladi. Nigeriya aholisining 50 foizdan kamrog‘i doimiy elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatiga ega, deya aniqlik kiritdi BBC.

Nigeriya elektr tarmog‘i 2022-yilda kamida to‘rt marta ishdan chiqqan. O‘shanda rasmiylar bunga sabab sifatida texnik nosozliklarni ko‘rsatgandi.