O‘zbekistondagi barcha eng xavfli yo‘l va chorrahalar xaritasi shakllantiriladi. Shu va shunga o‘xshagan vazifalar ichki ishlar organlari tomonidan belgilab olingan. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov mamlakat aholisiga qilgan murojaatida aytib o‘tdi. Murojaat matni “Yangi O‘zbekiston” nashrida e’lon qilindi.

Vazirning ma’lum qilishicha, mavjud muammolarga yechim topish, aholi uchun xavfsiz yashash va mehnat sharoitlarini yaratish borasida ichki ishlar organlari tomonidan qator vazifalar belgilab olingan.

Xususan, bundan buyon asosiy e’tiborni sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarni ilmiy yondashuv asosida o‘rganish, ularning asl sabablarini aniqlash va bartaraf etish masalasiga qaratiladi. Endilikda huquqni muhofaza qilish organlari oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini jalb etib, har bir hududning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda “namunali hudud metodikasi” yaratiladi. Mazkur yondashuv orqali kelgusida har bir mahallada huquqbuzarlik va jinoyatchilikning asl sabablari aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Qayd etilishicha, to‘qqiz yarim mingga yaqin mahallaning 1,5 mingdan ziyodida kriminogen vaziyat murakkab va u yerdagi jinoyatchilikning ildizi ko‘pincha ijtimoiy muammolarga borib taqalmoqda. Huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha “ijtimoiy profilaktika” tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali profilaktika inspektori, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faolidan iborat “mahalla beshligi” hamkorligi yanada kuchaytiriladi. Mahallaning o‘zida o‘smirlar, yoshlar va ayollar o‘rtasidagi jinoyatchilikni keskin kamaytirish hamda muammoli fuqarolar bilan ishlashni kuchaytirgan holda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va ularning viloyat boshqarmalari rahbar xodimlari, Bosh prokuror o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari va viloyat prokurorlari eng og‘ir mahallalarga biriktirilgan holda ularni “jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish” sa’y-harakatlari faollik bilan amalga oshiriladi.

“Oila — mahalla — maktab — mustaqil hayot” tamoyili asosida tarbiyasi og‘ir o‘smirlarga vazirlik, idora va tashkilot rahbarlari biriktiriladi, mustaqil hayotga tayyorlash davrida ular bilan yakka tartibda ishlash tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

“Xavfsiz oila” tamoyili asosida alohida ish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda ijtimoiy-maishiy muammosi hal bo‘lmagan oilalar bilan ishlash davlat idoralarining birinchi galdagi vazifasi etib belgilanadi. Sudda nizolashayotgan oilalar bilan manzilli ishlash bo‘yicha yagona idoralararo axborot tizimi ishga tushiriladi.

“Yo‘l harakati xavfsizligi — jamoatchilik nazoratida” tamoyili asosida yiliga kamida ikki marta ijtimoiy so‘rov o‘tkazish, shuningdek, barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududini belgilab qo‘yish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston bo‘yicha eng xavfli yo‘l va chorrahalar xaritasi shakllantiriladi. Ushbu xaritada harakatni tartibga solish uchun zarur bo‘lgan svetofor, yo‘l to‘siqlari, yer usti va yer osti piyodalar yo‘laklarining aniq soni va o‘rnatilish joylari, shuningdek, ta’mirtalab, jiddiy xavf tug‘dirayotgan yo‘l qismlarining joylashuvi ko‘rsatiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari ko‘magida, konsultantlarni jalb qilgan holda, ushbu yo‘l va chorrahalarda tartib o‘rnatish ishlari boshlanadi.

Bundan tashqari, tizimda ma’naviy-axloqiy masalalarga e’tibor tubdan o‘zgarishi ham rejalashtirilgan. Bu uchun ichki ishlar organlari xodimlari har kuni minglab fuqaro bilan muloqotga kirishadi. Bu jarayonda ularning xushmuomala bo‘lishi, fuqarolar muammolariga qonuniy yechim topishi aholi, umuman, jamiyatdagi ijtimoiy kayfiyatga juda katta ta’sir ko‘rsatadi.