Toshkent viloyati Angren shahridagi 10-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotidagi bolalar ovqatdan zaharlangani ortidan muassasa vaqtincha yopildi.
Kecha 13−14-sentabr kunlari 10-sonli bog‘chadan 14 nafar va boshqa ikkita bog‘chadan yana 4 nafar bola diareya tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingandi.
Sanepidqo‘mita matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 13-sentabr kuni tushdan boshlab ertasi kuni kechqurunga qadar 10-bog‘chada tarbiyalanayotgan bolalar ko‘ngil aynishi, qayt qilish, tana haroratning ko‘tarilishi, tez-tez ich ketishi kabi shikoyatlar bilan shahar shifoxonasiga murojaat qilgan.
Bolalardan 24 nafari ovqatdan zaharlanish yoki oshqozon faoliyatining funksional buzilishi birlamchi tashxisi bilan yotqizilgan, 7 nafariga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga ruxsat berilgan.
Sanepidqo‘mita xodimlari laborator tekshiruvlar uchun yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilgan bemorlardan hamda DMTT omborxonasida saqlanayotgan oziq-ovqat maxsulotlaridan namunalar oldi, deyiladi xabarda.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Bog‘chaning 240 nafar tarbiyalanuvchisi shifokorlar tomonidan to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, nazoratga olindi. Voqea ortidan bog‘chaning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi.