Shavkat Mirziyoyev 13-sentabr kuni “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston va Qatar hukumatlari o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.

Bitim 2023-yil 6-iyunda Qatar amiri Samarqand shahriga tashrif buyurganda imzolangandi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta’minlaydi.

Qatar bilan munosabatlar

So‘nggi paytlarda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda. Jumladan, 2023-yilning may oyida Toshkentda Qatar elchixonasi ochilgan. Qatar diplomatik missiyasining ochilishi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishi, ularning amaliy mazmun bilan boyishiga xizmat qilishiga ishonch bildirilgan.

Iyun oyida esa Qatar fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilingan.

O‘zbekiston prezidenti iyun oyida Samarqandda Qatar amiri bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar “keng qamrovli sheriklik” darajasiga chiqishiga ishonch bildirgan. Davlatlar rahbarlari o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini oshirishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. O‘shanda 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan.

Avgust oyiga kelib, O‘zbekistondan Qatarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yilgan.