Ijtimoiy tarmoqlarda avtokreditlar uchun talablar kuchaytirilgani haqida ma’lumot tarqaldi. Ushbu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga bank sohasidagi bir nechta mustaqil manbalar tasdiqladi.

Ularga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy bankining yangi talabiga ko‘ra, banklarning kredit portfelidagi avtokreditlar ulushi 25 foizdan oshmasligi kerak.

Banklardan birining xodimi ma’lum qilishicha, endi banklar har bir qarz oluvchi yoki o‘zaro aloqador shaxslar guruhiga to‘g‘ri keladigan maksimal kredit miqdori birinchi darajali kapitalning 25 foizidan oshmasligi kerakligini nazarda tutuvchi normativlarga rioya qilishlari kerak bo‘ladi. Ushbu normativ banklarning risklarini minimallashtirish va aktivlar bir qo‘lga o‘tib qolmasligi uchun ishlaydi va “ertaga bunday kreditning qaytarilmasligi bankning o‘zini ham shoshirib qo‘ymasligi uchun kerak”.

Shunga o‘xshash talab hozirda avtomobil kreditlari uchun ham joriy etilmoqda (bir yo‘nalish yoki bozorga qaramlikni bartaraf etish uchun).

“Yangi talab ham xatarlar bilan bog‘liq. Chunki ba’zi banklar kredit portfelining 50 foizdan ortig‘i avtokreditlardan iborat. Aksariyat avtokreditlar mahalliy avtomobillar bilan ta’minlangan. Agar ertaga avtomobil bozorida biror narsa o‘zgarsa, masalan, bojlar olib tashlansa, mahalliy avtomobillar narxi tushadi va odamlar bu kreditni shunchaki to‘lamay qo‘yadi. Bu kreditlar esa, o‘z navbatida, aholining omonatlari hisobidan ajratilgan, bu holda aholi omonatlarini qaytarishda muammolarga duch kelish mumkin”, — dedi suhbatdosh.

Moliyachi Otabek Bakirov regulyatorning bu harakati to‘g‘ri ekani haqida yozdi.

U ijtimoiy tarmoqlarda mazkur qaror turlicha muhokama qilinayotganiga e’tibor qaratib, Markaziy bank qonun bo‘yicha moliyaviy barqarorlik uchun tavakkalchilik omillarini birgalikda baholashga to‘la haqli ekanini ta’kidladi.

“Tijorat banki o‘zining xatar chegaralarini o‘zi his etmayaptimi, Markaziy bank regulyatsiyaga kirishishi kerak. Aks holda, kreditorlar, omonatchilar oldida mas’uliyatsizlik paydo bo‘ladi. Ikkinchidan, Markaziy bank avtokreditlarni taqiqlayotgani yo‘q. Tavakkalchilik chegaralarini belgilayapti. Bir qarzdorga, bir guruhga, bir mahsulotga nisbatan ratsional risk diversifikatsiyasi kabi bu”, — deydi Otabek Bakirov.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, ayrim banklar bitta manbaga — avtokredit ajratishga bog‘lanib qolgan. Bozordagi har qanday qaltis o‘zgarish o‘sha banklarga qo‘shib butun bank tizimi barqarorligini izlan chiqarishi mumkin. O‘tgan oy 20-avgustdan avtokreditlar uchun dastlabki badal miqdorlarini oshirish va garovga nisbatan talablarni qattiqlashtirish ham ularni to‘xtata olgani yo‘q. Shu sababli yangi “ishtaha liniyalari”ni belgilashga to‘g‘ri kelgan.

“Shuningdek, regulyatorning bu tadbirlari avtokreditlar foiz stavkalarining (narxi) oshishiga olib kelmaydi. Shunchaki avtomobillar narxini tinimsiz oshirib borilishidan manfaatdor spekulyantlar bozordan ketadi (ularning pufagi yorilishni boshlaydi). Banklar spekulyatsiyani emas, iste’molni kreditlashga, demakki, iqtisodiyotni rag‘batlantirishga qaytishadi. Sog‘lom va to‘lovga layoqatli qarzdorlar bundan faqat yutishadi”, — deb yozdi moliyachi.

Bundan tashqari, Otabek Bakirovning fikricha, banklarning ipotekadan karrasiga ko‘proq avtokredit ajratishi istalgan modelda xavfli hisoblanadi.

“Agar regulyator bu jarayonlarga kuzatuvchi bo‘lib qoladigan bo‘lsa, ertaga nafaqat avtokreditga aloqador banklar va qarzdorlar, balki butun o‘zbekistonliklar og‘riqli oqibatlarni tanasida va cho‘ntagida his qiladi. Bunga esa aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, — deydi mutaxassis.

Avtokreditlar masalasi

2019-yil mart oyida Markaziy bank raisining o‘sha paytdagi birinchi o‘rinbosari (hozirda prezidentning iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, investitsiyalar va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari) Timur Ishmetov chakana kreditlashda avtokreditlarga e’tibor qaratib, “risk-menejmentning asosiy tamoyillarini buzayotgan” banklar haqida ogohlantirgandi.

“Avtokreditlar — mono-mahsulot, barcha banklar ommaviy ravishda faqat avtokreditlar bilan shug‘ullana boshladilar. Ular xavflarni boshqarishning asosiy tamoyillarini buzishni boshladilar — bu sizning barcha tuxumlaringizni bitta savatga qo‘ymasligingiz kerakligini anglatadi. Va bizda buning aksi bo‘lyapti. Albatta, bank alohida holatda boshqa banklarning hajmlarini ko‘rmaydi. Ular men biroz ko‘proq avtokredit bersam yomon narsa bo‘lmaydi, deb o‘ylayotgan bo‘lishi mumkin”, — deya ta’kidlagandi u.

“Shunday bo‘ldiki, ayrim banklarda chakana kredit portfelining yarmidan ko‘pi avtokreditlarga to‘plangan. Gap avtomobil kreditlari haqida emas, balki bitta mahsulotga konsentratsiya bo‘layotganida — bu “pufak”ka olib kelishi mumkin. U yorilib ketsa, ko‘plab kreditlar defolt bo‘lib qoladi, banklar katta mablag‘ yo‘qotadi va shunga mos ravishda omonatchilar pulining bir qismi ham yo‘qotiladi”, — deya tushuntirgandi Timur Ishmetov.

2022-yil mart oyida esa Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov avtokreditlar bilan jiddiy shug‘ullanayotgan banklar hali xavf-xatarlardan xabardor emasligini ta’kidlagandi. U o‘shanda Markaziy bank bozorni barqarorlashtirish uchun makroprudensial nazoratni kuchaytirishini aytgandi.

“Biz bu yerda hech qanday cheklovlar kiritmaymiz. Faqatgina makroprudensial nazoratni kuchaytiramiz, bu esa banklarga avtokreditlarni [berishni] oshirish istagini avtomatik ravishda kamaytirish imkonini beradi. Avtokredit bilan jiddiy shug‘ullanayotgan banklarning o‘zlari kelajakda qanday xavf-xatarlarga duch kelishlarini hali anglab yetgani yo‘q”, — degandi Mamarizo Nurmuratov.

“Avtokreditlar juda xavfli kreditlar bo‘lib, garov kreditga sotib olingan avtomobil bo‘ladi. Foydalanilganda uning qiymati har kuni kamayadi. Bizning makroprudensial chora-tadbirlarimiz ushbu bozorni ma’lum darajada barqarorlashtirish imkonini beradi”, — degan Markaziy bank rahbari.

2023-yilning may oyida esa Markaziy banki tijorat banklari kapitalining yetarliligiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritish loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda banklar tomonidan avtomobil sotib olish uchun ajratilayotgan kreditlar hajmi keskin oshib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, banklarning kredit portfelida mazkur kredit turining konsentratsiya bo‘lishiga va natijada kredit tavakkalchiligini oshishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli hujjat banklarda kredit tavakkalchiligini kamaytirish maqsadida jismoniy shaxslarga avtomobil sotib olish uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha kreditning garovga nisbatidan kelib chiqqan holda tavakkalchilik darajalari belgilashni nazarda tutadi.

Jumladan, kredit tavakkalchiligini kamaytirish maqsadida Markaziy bank 1-iyuldan boshlab tavakkalchilik darajasini kredit bo‘yicha foiz stavkasiga qarab emas, balki kredit va garov summasining (garov shartnomasi bo‘yicha avtomobil narxi) nisbatidan kelib chiqqan holda belgilash niyatida. Hozirgi kunda ipoteka riski darajasi xuddi shu tarzda o‘lchanadi.

Agar kredit summasi garov (avtomobil qiymati)ning 75 foizidan kam bo‘lsa, u holda bank uchun xavf darajasi 100 foiz deb baholanadi. Agar kredit miqdori 75 foizdan ortiq bo‘lsa, lekin garov summasining 100 foizidan kam bo‘lsa, u holda xavf 150 foizga baholanadi. Agar ko‘rsatkich garov qiymatiga teng yoki undan yuqori bo‘lsa, u holda 200 foiz.

Moliyachi Otabek Bakirov bu o‘zgarish sababli tabiiy ravishda banklar dastlabki badali 25 foizdan kam bo‘lgan avtokredit mahsulotlari taklifini kamaytirishini aytgandi.

“Nazarimizda, bu — juda to‘g‘ri qaror. Monopollashgan birlamchi avtomobil bozori, yetarli darajada taklif yo‘qligi, shuningdek, yuqori darajada spekulyatsiya qoidalari asosida ishlay boshlagan ikkilamchi avtomobil bozoridagi vaziyat tobora moliyaviy piramida belgilariga ega bo‘lib bormoqda. Avtomobil iste’mol tovari xususiyatini yo‘qotib, olish va sotish o‘rtasidagi marjaga erishish va spekulyativ daromadga ega bo‘lish vositasiga aylanishi kuzatilmoqda”, — deb yozgan o‘shanda u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston birlamchi yengil avtomobillar bozorida avgust oyida jami 37,7 mingta yangi yengil avtomobillar sotilib, avtomobil sotuvi o‘tgan oyga nisbatan 9 foizga, o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan esa 2 baravardan ko‘proqqa o‘sdi.

Ikkilamchi bozorda esa yengil avtomobillar savdosi biroz pasaydi. Oy davomida 97,5 mingta yengil avtomobillar sotilib, ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 0,1 foizga kamaygan. Shu bilan birga, o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan sotuv miqdori 7 foizga oshgan.

Ikkilamchi avtomobil bozorida sotuvlarning pasayishi UzAuto Motors tomonidan Cobalt, Lacetti, Labo va Damas avtomobillari uchun shartnomalarning tiklanishi bilan bog‘liq hisoblanadi (kompaniya shu yilning avgust oyidan boshlab 51 mingga yaqin avtomobil uchun shartnoma tuzgan).