AQShdan O‘zbekistonga 25 nafar ingliz tili o‘qituvchisi keldi. Ular butun mamlakat bo‘ylab 10 oylik o‘qitish va malaka oshirish dasturlarini o‘tkazadi, mahalliy o‘qituvchilar bilan birgalikda o‘quvchi va talabalarga bevosita dars beradi.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmatining xabar berishicha, guruh tarkibiga maktablarning 10-sinfidan to universitet darajasigacha bo‘lgan bosqichda mahalliy ingliz tili o‘qituvchilari bilan birgalikda dars beruvchi amerikalik 17 nafar ingliz tili o‘qituvchisi hamda universitet darajasida ingliz tili o‘qitish salohiyatini oshiradigan, boshqa tillarda so‘zlashuvchilar uchun ingliz tili o‘qitishga (TESOL) ixtisoslashgan 8 nafar tajribali ustoz (EL Fellows) kiradi.

Amerikalik o‘qituvchilarning 15 nafari AQSh Davlat departamentining Fulbright ingliz tili o‘qitish bo‘yicha yordamchisi (ETA) dasturining bir qismidir, 2 nafari esa O‘zbekistonda ingliz tili o‘qitishni davom ettirish maqsadida Toshkentdagi AQSh elchixonasining “Ingliz tili o‘rgatuvchi” dasturida avval ham qatnashgan ETA bitiruvchilaridir. Bu ustozlar TESOL yoki tegishli sohada magistr darajasiga va o‘rtacha 10 yillik o‘qituvchilik tajribasiga ega.

ақш, ingliz tili, ўқитuвчи

AQSh elchisi Jonatan Xenik davom etayotgan dastur “katta ahamiyatga ega” ekanini ta’kidladi. “Ingliz tilini o‘rgatish bu birgina til o‘rgatish degani emas; bu o‘quvchilarning nafaqat til haqidagi, balki butun dunyo haqidagi fikrlarini shakllantirishga yordam beruvchi imkoniyat hamdir”, — dedi u.

O‘qituvchilar AQShning turli qismlaridan — Kaliforniyadan Floridagacha bo‘lgan hududlardan kelgan va O‘zbekistonning 11 ta hududida ishlaydi. Shuningdek, ular Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvga ko‘maklashuvchi AQShning madaniy elchisi bo‘lib xizmat qiladi, deyiladi bayonotda.

Amerikalik mutaxassislarni jalb qilgan holda ingliz tilini o‘rgatish tashabbuslari 2019-yilda AQSh elchixonasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va texnologiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan hamkorlikda boshlangan.

Bu dasturlar AQSh hukumatining O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitish va o‘rganishni yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlarining bir qismidir. 2018-yildan beri AQSh O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitish va o‘rganishga 28 mln dollardan ortiq sarmoya kiritdi.

Bu yordam butun mamlakat bo‘ylab 10 mingdan ortiq maktab uchun yuqori sifatli ingliz tili darsliklarini xarid qilish va umumta’lim maktablarida 15 ming ingliz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishni o‘z ichiga oladi.

Avvalroq USAID`ning 2019−2023-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston barkamollik uchun ta’lim dasturi” yakuniga yetgandi. 29,5 mln dollarlik loyiha doirasida to‘rtta fandan darsliklar va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar ishlab chiqilgan. Darsliklar 4 yil davomida Sirdaryo va Namangan viloyatlarida tajribadan o‘tkazilgan.