Shavkat Mirziyoyev 11-sentabrdagi farmoni bilan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqladi. Hujjatda aytilishicha, u “Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish jarayonida to‘plangan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida” ishlab chiqilgan. Avvalroq “Gazeta.uz” hujjat loyihasi haqida yozgandi.

Farmonda yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitda (Konstitutsiyaning yangi tahriri 30-apreldagi referendumda ma’qullangan, prezident saylovi esa 9-iyulda bo‘lib o‘tgan — таҳр.) asosiy yo‘nalishlarni takomillashtirish va mamlakat taraqqiyoti va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi” qayd etilgan.

Farmonda qayd etilgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida quyidagi asosiy g‘oyalar o‘z ifodasini topgan:

  • barqaror iqtisodiy o‘sish orqali o‘rtadan yuqori daromadli mamlakatlar qatoriga qo‘shilish;
  • xalq ehtiyojlari va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini yaratish;
  • aholi uchun qulay ekologik sharoitlar yaratish;
  • xalqqa xizmat qiluvchi adolatli va zamonaviy davlat qurish;
  • mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash.

Strategiya beshta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi:

  • har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish;
  • barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash;
  • suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish;
  • qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;
  • “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish.

Strategiyani amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish mamlakatdagi barcha davlat organlari va tashkilotlari uchun ustuvor vazifa deb e’lon qilindi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasiga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qildi. Komissiya har olti oyda prezidentga hujjat ijrosi haqida hisobot berib boradi.

Vazirlar Mahkamasi har chorakda strategiyani amalga oshirishning borishini muhokama qilib, “chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarmagani” uchun hukumat a’zolariga, shu jumladan, vazirlarga nisbatan chora ko‘radi. Bundan tashqari, har olti oyda bir marta hukumat Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga strategiyaning amalga oshirilishi to‘g‘risida hisobot beradi.

Ikki hafta muddatda fuqarolar strategiyani amalga oshirishdagi muvaffaqiyatlarni baholab, o‘z fikr va tashabbuslarini bildirishlari mumkin bo‘lgan onlayn portal ishga tushirilishi kerak.

Mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha besh yilga mo‘ljallangan (2017−2021-yillar) birinchi Harakatlar strategiyasi 2017-yilda qabul qilingandi. Prezident 2022-yil boshida Yangi O‘zbekistonni 2026-yilgacha rivojlantirish strategiyasini tasdiqladi. Farmonda yangi strategiya doirasida “o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan barcha maqsadlarga erishish, shuningdek, Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasida belgilab berilgan, amalga oshirish davom etayotgan dolzarb vazifalarning amalga oshirilishi ta’minlanishi kerak”, deyiladi hujjatda.

“Gazeta.uz” strategiya loyihasi haqida yuridik fanlar doktori, professor Isa Xamedov (rus tilida) va ta’lim eksperti Komil Jalilovning fikrlarini e’lon qilgandi.