Prezidentning 11-sentabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining yakuniy tahriridan har yili maktablarda 500 ming o‘quvchi o‘rni tashkil etish bandi joy olmadi.

Shavkat Mirziyoyev may oyi oxirida o‘zining saylovoldi dasturi bilan chiqqan nutqida 2023-yilda 390 ming bola maktabni tamomlagan bo‘lsa, 700 ming bola birinchi sinfga borishini (2024-yilda bu ko‘rsatkich 1 millionga ko‘payishini) ta’kidlagandi. Kelgusi 7 yilda maktablarda qo‘shimcha 2,5 mln o‘quvchi o‘rni yaratish va ta’lim sifatini tubdan oshirish zarurligi, buning uchun “Yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni” dasturi amalga oshirilishi bildirilgandi.

Bu vazifani amalga oshirish 2023/2024 o‘quv yilidan boshlanishi rejalashtirilgan va avgust oyi boshida muhokamaga qo‘yilgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasiga kiritilgandi. Xuddi shu loyihada o‘quv o‘rinlari sonini 7,5 millionga oshirish, shuningdek, 2,5 million o‘quvchi o‘rniga ega maktablar qurishga 8 milliard dollar ajratish haqida so‘z borgan.

Avgust oyi oxirida prezident 2024-yilda maktablarda 250 ming o‘quvchi o‘rni yaratish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.

Avgust oyida prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva maktablarda 1,2 million o‘quvchi o‘rni yetishmasligini ma’lum qilgan. Har yili o‘rtacha 35−40 ta maktab tashkil etilmoqda, degandi u.

2021-yil may oyida o‘sha paytdagi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov mamlakatdagi maktab o‘quvchilari soni (6,24 million) maktablarning loyihaviy quvvatidan (5,06 million) sezilarli darajada oshib ketgani haqida ma’lumot bergandi — farq 1,18 millionni tashkil qilgan. U sinflarning to‘laligi va ikki smenada dars o‘tilishi (o‘sha paytdagi maktablarning 70 foizida)ni aholining ko‘payishi va maktablarning 9 yillik ta’limga o‘tkazilishi (2010-yildan 2017-yilgacha) bilan izohlagan. 11 yillik ta’lim qaytilgach, 400 ga yaqin litsey va kollejlar maktabga aylantirilgan.