Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari avgust oyida 958,4 million dollarga kamaygan holda 1-sentabr holatiga ko‘ra 32,69 mlrd dollarni tashkil etdi. Zaxiralar ketma-ket beshinchi oy (aprel oyidan beri) pasayib bormoqda va yil boshidan buyon mamlakatning “moliyaviy xavfsizlik yostig‘i” 3,08 mlrd dollarga kamaydi.

Xorijiy valyuta zaxiralari 860 million dollarga (-9 foizga) kamayib, 8,7 milliard dollarni tashkil etdi. Zaxiralarning xorijiy valyutadagi qismining keskin kamayishi avgust oyida milliy valyutaning devalvatsiyasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ko‘rsatkich 2013-yildan beri statistikaning barcha davrlari uchun antirekordni yangilashda davom etmoqda. Yil boshidan buyon valyuta zaxiralari 2,94 milliard dollarga kamaygan.

Oltin zaxirasi qiymati 410,5 mln dollarga — 23,43 mlrd dollargacha oshgan. Bu qimmatbaho metal fizik hajmi 0,3 mln troy unsiyaga (9,3 tonna), ya’ni 12,1 mln troy unsiyagacha oshgani hisobiga ro‘y bergan (376,3 tonna atrofida).

Milliy valyuta kursining o‘zgarishi (ko‘k chiziq), zaxiralarning o‘zgarishi (yashil) va zaxiralarning valyuta qismi o‘zgarishi (qizil). Manba: Mirkonomika / TelegramMilliy valyuta kursining o‘zgarishi (ko‘k chiziq), zaxiralarning o‘zgarishi (yashil) va zaxiralarning valyuta qismi o‘zgarishi (qizil). Manba: Mirkonomika / Telegram

Zaxiralarning pasayishi savdo defitsiti (importning eksportdan oshib ketishi), so‘m qadrsizlanishi, uni saqlab qolish uchun Markaziy bank zaxiralar hisobiga valyuta intervensiyasiga murojaat qilishi va pul o‘tkazmalarining oldingi yilga nisbatan kamayishi fonida sodir bo‘lmoqda.