Toshkentda har kuni 3 tonnaga yaqin non mahsulotlari axlatga tashlanadi. Bu haqda O‘zA “Maxsustrans” ishlab chiqarish boshqarmasi bosh inspektori Ismoil Sagdullayevga tayanib xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda poytaxtda eng ko‘p chiqindiga tashlanadigan mahsulot bu — non va oziq-ovqat mahsulotlaridir. Bu mahsulotlarni yildan-yilga chiqindiga tashlash holatlari ortib bormoqda.

“Toshkent shahrida bir kunda 2300 tonna chiqindi yig‘ib olinsa, shundan 3 tonnaga yaqini nondan iborat”, — deydi u.

2022-yil aprel oyida Adliya vazirligi poytaxtda har kuni 2 tonna non mahsulotlari axlatga tashlanishi haqida xabar bergan edi.

O‘shanda Adliya vazirligi xayriya faoliyati uchun soliq imtiyozlarini joriy etish, oziq-ovqat almashish platformalarini (odatda yaroqlilik muddati tugash arafasidagi mahsulotlarni tarqatish) va oziq-ovqat banklarini rivojlantirish, shuningdek, mahsulotlarning yaroqlilik muddatini aniqlash tizimini takomillashtirishni taklif qilgan edi.