O‘zbekistonda 2024-yil 1-maydan aholi uchun elektr energiyasi va gaz narxlarini oshirish rejalashtirilmoqda. Lekin tariflarni oshirishdan oldin uzluksiz va kafolatli energiya ta’minoti shaklidagi majburiyatni bajarish zarur, dedi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yangi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi va kuz-qish mavsumi yakunlari bo‘yicha natijalarga bog‘liq bo‘ladi.

“Bu natijalar hisobiga biz, avvalo, energiya resurslarini kafolatli yetkazib berishimizni isbotlashimiz kerak, keyin esa tariflarni oshirish bo‘yicha bu taklifni kirita olamiz, deb o‘ylayman”, — dedi u.

Yil oxirigacha Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasining kombinatsiyalangan siklli gaz turbinalariga ega quvvati 1500 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirilishi kutilmoqda. obyekt Sirdaryo viloyatida qurilmoqda. Uning qiymati 1 milliard dollarga baholangan.

“Sirdaryo IESdagi uskunalar eng zamonaviylari hisoblanadi. Kelasi hafta biz generatorlarni birinchi marta yoqishni rejalashtiryapmiz”, — dedi u.

Bundan tashqari, 1900 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyalari va 100 MVt quvvatga ega shamol stansiyasini (Masdar) ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Parallel ravishda ACWA Power tomonidan ikkita elektr stansiyasini qurish ishlari davom etmoqda.

“U yerda ham turbinalar o‘rnatish ishlari olib borilmoqda, biroq „Qorako‘l“ podstansiyasiga katta liniya qurilishi hisobga olinsa, bu ko‘proq vaqt talab qiladi. Ular kelgusi yilda ishga tushiriladi. Ularning rejasiga, majburiyatlariga ko‘ra, obyektni 2024-yilning ikkinchi yarmida foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda, lekin biz hozir [stansiyani] birinchi yarimyillikda ishga tushirish ustida ishlayapmiz”, — dedi vazir.

Umumiy hisobda kelgusi yilda 2,5 GVt quvvatga ega quyosh va shamol stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, mavjud stansiyalarni loyihasidagi quvvatiga yetkazish, shuningdek, taxminan 200 MVt quvvatga ega GESlarni ishga tushirish ham nazarda tutilgan.

“Bu bugungi kunda tomlarga 350 MVtdan ortiq quvvatga ega fotoelektrik panellar o‘rnatilganini hisobga olmagan holatdagi ko‘rsatkich hisoblanadi. Bunga korxonalar, budjet tashkilotlari, aholi, yuridik shaxslar kiradi. Shuningdek, bu ko‘rsatkichlarda biz mavjud issiqlik elektr stansiyalarini modernizatsiya qilayotganimiz ham hisobga olinmayapti. Kichik kogeneratsiya o‘rnatmalarini ishga tushirishimiz ham buning ichiga kirmaydi”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Oqtepa massivida elektr va issiqlik energiyasini bir vaqtda ishlab chiqaradigan kogeneratsiya o‘rnatmasi (mini IES) qurildi.

“Biz kompleks yondashuvni amalga oshirdik. Mazkur issiqlik tarmoqlariga ulangan 40 dan ortiq uy-joylar, issiqlik tarmog‘ining uylarga kirish qismi va ko‘targich trubalar modernizatsiya qilindi. Bu individual isitish nuqtasi (IIN) deb ataladi va yopiq siklni nazarda tutadi … Ilgari suv to‘kib yuborilgan va issiqlik yo‘qotilgan. Hozirda issiqlik almashtirgichlar uylarning o‘ziga o‘rnatilmoqda, buning hisobiga ularning foydali ish koeffitsiyenti oshadi”, — dedi u.

Energetika vazirligi rahbari ayni paytda poytaxtdagi TS-3 va TS-4 qozonxonalari modernizatsiya qilinayotganini, ularda tabiiy gaz bosimi pasayganda “mazut bilan to‘ldirish” nazarda tutilayotganini ta’kidladi, ya’ni zaxira yoqilg‘isi ham shakllantirilmoqda.

“O‘tgan yil qanday bo‘lgandi? Quvvat bor, lekin gaz bosimini ta’minlay olmaymiz yoki mazut yetishmayapti. Shuning uchun biz mazut zaxirasini shakllantiryapmiz. Yerosti gaz omborlarini quryapmiz. Shayxontoxur tumanidagi issiqlik markazi uchun alohida, aholidan ajratilgan holda gaz quvuri o‘tkazdik. Ya’ni kompleks ishlar shu zaylda kechmoqda. Shu sababli biz 4000 MVt ishlab chiqarish quvvati haqida gapirganda, bularning barchasini oldindan hisobga olyapmiz”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Yil boshida vazir qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida gaz iste’molining qariyb 8−10 foizi hissasiga to‘g‘ri keluvchi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar va issiqxonalarni ko‘mirga o‘tkazish rejalashtirilayotganini aytgandi. Shuningdek, u Xitoyning loyihalarni qisqa muddatda amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan energetika kompaniyalari 2 GVt quvvatga ega muqobil energetika obyektlarini qurish loyihalariga jalb etilishini ta’kidlagandi.

“Ushbu stansiyalar to‘liq quvvatga kirgunga qadar yarim quvvatda, ya’ni 1 GVt quvvatda ishlagan taqdirida ham kunduzi elektr energiyasidan foydalanish, kompressor stansiyalariga yuklamani kamaytirish va gaz to‘plash imkonini beradi. Keyin esa kechqurun yuqori bosim bilan gaz berishi mumkin bo‘ladi”, — deya tushuntirdi Jo‘rabek Mirzamahmudov.